“Kattaqo‘rg‘on” murabbiyi “Fluminense”dan kelgan legionerni keskin tanqid qildi

  • 22.04.2026 17:30
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

O‘zbekiston Pro-ligasida ishtirok etayotgan “Kattaqo‘rg‘on” bosh murabbiyi Yorqin Nazarov jamoaning yangi a’zosi, Braziliyaning “Fluminense” akademiyasi tarbiyalanuvchisi Isak Martins haqida keskin fikr bildirdi, deb xabar berdi Eurasia Football nashri.

Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, futbolchi katta salohiyatga ega, ammo uning asosiy muammosi ishga bo‘lgan munosabatidir.

- “Fluminense”ning juda yaxshi akademiyasi bor. Isak Marselo va T’yago Silva bilan birga mashg‘ulot o‘tkazgan. Lekin u hali yosh. Eng asosiysi muammosi – u yalqov. Aks holda O‘zbekistonga kelmagan bo‘lardi.

Uning “Fluminense”dagi sherigi va do‘sti Izakeni Donetskning “Shaxtyor” klubi 10 million yevroga sotib oldi va u futbolchi ishonchni oqlayapti.

Agar Isak mehnat qilsa, u nafaqat O‘zbekiston Pro-ligasida, balki Superligada ham eng yaxshilardan biriga aylanishi mumkin, - dedi Yorqin Nazarov.

Murabbiy shuningdek, braziliyalik futbolchi bilan qo‘shimcha ishlar olib borilayotganini, jumladan psixologik jihatdan ham ishlanayotganini ta’kidladi.

- U bilan psixologik tomondan ham ishlayapmiz. Doimiy muloqotdamiz. Progress aniq ko‘rinib turibdi. Isak o‘sishni boshladi. Unda juda katta salohiyat bor. Mashg‘ulotlarda nimalar qilayotganini ko‘rsangiz edi, - deb qo‘shimcha qildi murabbiy.

Isak Martins joriy mavsum oldidan erkin agent sifatida jamoaga qo‘shildi. U hozirgacha uchta o‘yinda maydonga tushdi, ammo jami 40 daqiqadan ko‘p o‘ynamagan.

“Kattaqo‘rg‘on” klubi 20 yoshli Isak Martins bilan 2026 yilning 31 dekabriga qadar davom etadigan shartnoma imzolagan.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!