"Klubda qola olmasligimni tushunib etdim, juda og‘ir savol, katta ishtiyoq bilan kelgandim, lekin..." - Nikola Lazarevichning "Qizilqum"dan ketishi haqida

  • 2 dekabr, 2022, 08:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Bu yil Navoiyning “Qizilqum” klubiga bosh murabbiylik qilgan serbiyalik Nikola Lazarevichning mazkur jamoadagi faoliyati yakunlanganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Chunki, murabbiyning o‘zi chempionat tugamasidanoq uning yakunida klubdan ketishini aytgan. Yaqinda rasman murabbiyning jamoadan ketgani tasdiqlandi.

Ammo Lazarevich yurtimizdagi debyut mavsumida yomon taassurot qoldirmadi. Biroq chempionat mobaynida turli gap-so‘zlar ham eshitilib turdi. Masalan, uning jamoadagi ayrim futbolchilar bilan munosabati xususida.

Biz Nikola bilan alohida suhbatlashish istagida ekanligimizni unga etkazib turdik. Faqat serbiyalik mutaxassis chempionat tugaganidan so‘ng gaplasha olishini aytdi va bu kunni kutishimizga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, “Qizilqum”ning sobiq ustozi Sports.uz uchun vaqt ajratdi.

- Janob Lazarevich, mavsum tugadi, endi siz bilan ochiq suhbatlashish imkoniyatimiz bor. “Qizilqum” klubida o‘tkazgan mavsumdan siz uchun nima esda qolarli bo‘ldi?

- O‘z o‘rnida aytishim kerakki, mavsum “Qizilqum” uchun muvaffaqiyatli yakuniga etdi. Turkiyada o‘tkazilgan tayyorgarlik ishlaridan so‘ng klub rahbariyati bilan uchrashdim va jamoaning bemalol kuchli beshlikka kira olishini aytgandim. Oxir-oqibat shundoq ham bo‘ldi. Albatta, 4-o‘rinni band etsak ham bo‘lardi. Shundan biroz afsuslanyapman. Agar shunday bo‘lganida Osiyo Chempionlar ligasining saralash bosqichida o‘ynagan bo‘lardik. Aksiga olib ish jarayonidagi ayrim kutilmagan holatlar tufayli hammasi o‘zgarib ketdi. Ayniqsa, oxirgi ikki turni inobatga olganda. Lekin, o‘ylaymanki, “Qizilqum” uchun mavsumni 5-o‘rinda tamomlash ham katta natija hisoblanadi. Ayniqsa, chempionat avvalida klub oldiga hech qanday vazifa qo‘yilmagani inobatga olinganida 5-o‘rin ancha salmoqli natijadir. Shu bilan birga Kubok doirasida yana bir qadam oldinga tashlay olmaganimizdan afsus chekaman.

lazarevich_1

- Siz allaqachon chempionat tugamasidan ilgari jamoadan ketmoqchiligingizni aytib bo‘lgandingiz. Nima uchun? U erda sizni nimadir qoniqtirmayotganmidi?

- Ha, bu rost, O‘zbekistonga katta ishtiyoq bilan kelgandim. Ammo yil davomida bu erda nimalardir hammasi sal boshqacha yuz berishi sabab, o‘zgartirish mumkin bo‘lgan holat juda mushkul vazifaga aylanishini ko‘rdim. Ayniqsa, “Navbahor”ga qarshi kechgan uchrashuvda hakamlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar xuddi atayin amalga oshirilgandek tuyuldi. Yodingizda bo‘lsa, men o‘sha bellashuvdan keyin shu xususida gapirib, hakamlar atayin “Navbahor” foydasiga qarorlar qabul qilganini aytgandim. Aynan ushbu uchrashuvdan so‘ng O‘zbekistonda ishlash borasidagi ishtiyoqimga putur etdi. Nega deganda, bu erda tizimda nimanidir o‘zgartira olmasligimni tushundim. Hammasi ikkinchi davrada “Neftchi”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yindan so‘ng yuz berdi. Bundan tashqari, “Surxon”ga qarshi bahs ham menda ishtiyoq bilan bog‘liq bo‘lgan holatni pasayishiga sabab bo‘ldi. Shunday bo‘lsa ham xafsalamni susaytirmay ishlashda davom etdim. O‘z navbatida O‘FAni, PFLni ogohlantirib, nimadir boshqacha yuz berishini tushuntirdim. Afsuski, o‘sha uchrashuvda “Qizilqum”ni qanday o‘ynaganini ko‘rganmisiz yoki ko‘rmaganmisiz, buni bilmayman, vaholanki, o‘yinchilarimiz jonlarini jabborga bergudek to‘p surishgandi. O‘sha uchrashuvdan keyin rahbariyat bilan ko‘rishib, mavsum oxirida klubdan ketishimni istashimni aytgandim.

nikola4

- Eshitishimcha, jamoadagi ayrim futbolchilar bilan munosabatingiz qoniqarli bo‘lmagan ekan. Bu rostmi? Umuman, klubdagi muhit qanday ahvolda edi?

- Bilasizmi, jamoaga kelgan paytimda tarkib allaqachon shakllantirib bo‘lingan, selektsiya ishlari nihoyasiga etkazilgandi. Bunday paytda o‘zim istagan, jamoada ko‘rishni xohlagan futbolchilar jamlanmaganiga ko‘zim tushdi. Jamoa o‘yinchilarini oldingi direktor tanlab olgan ekan. Xullas, mavsumni qo‘ldan kelgan darajada o‘tkazdik. Ya’ni, ixtiyorimda bor bo‘lgan futbolchilardan imkon qadar maksimal foydalanish payida bo‘ldim. O‘tgan mavsumda to‘p surgan o‘yinchilarning jismoniy holatlari qandayligidan bexabar edim. Bu borada bergan savollarim esa javobsiz qoldi. Shuning uchun ham menda nimanidir yaxshi tomonga o‘zgartirish uchun ko‘plab imkoniyatlar bo‘lmadi. Eng yaxshi variant, biz uchun klubdagi bor futbolchilarga moslashish va ularga tayangan holda o‘yin tashkil etish bo‘ldi. Turkiyadagi yig‘in chog‘ida barchamiz boshqacha ishlashimiz kerakligini his qildik. Bu boradagi rejamizdan rahbariyatni xabardor etishni lozim topdik. Bu ham dasturdagi nimanidir o‘zgartirish yo‘lida oldinga tashlamoqchi bo‘lgan qadamlarimizdan biri edi. O‘zimga kelsak, Turkiyadan qaytganimizdan so‘ng rahbariyatga jamoada selektsiyani o‘z ixtiyorimdan kelib chiqqan holda amalga oshirishim mumkinligini bildirdim. Bir qarashda o‘rtamizda hammasi tushunmovchiliklarsiz yaxshi kechgandek bo‘ldi. Ya’ni, barchamiz ikkinchi davra oldidan klubni o‘zgartirish niyatida edik. Afsuski, rahbariyat so‘nggi pallada klubga yangi futbolchilarni taklif etishimizga ruxsat bergani yo‘q. Shu sabab, ixtiyorimizdagi futbolchilar bilan ikkinchi davrani yakunlashdan boshqa choramiz qolmadi. Albatta, bir tomondan olib qaraganda, jamoadagi futbolchilarda ham yaxshi o‘yin sifatlari bor va ular buni amalda ham ko‘rsatib berdilar. Masalan, “Olimpik” va AGMKga qarshi bahslarni misol tariqasida keltirishim mumkin. Shuningdek, “So‘g‘diyona” bilan kechgan birinchi davradagi uchrashuv ham ko‘pchilikning yodida qolgan bo‘lsa kerak. Nima bo‘lgan taqdirda ham mavsum oxiriga kelib klubda qola olmasligimni tushunib etdim. Bu erda bunchalik ko‘p odam to‘plangani menga juda tushunarsiz bo‘lgan.

nikola3_3

- Sizga “So‘g‘diyona”dan taklif bo‘lgani haqiqatmi?

- Yo‘q, bu haqiqat emas. Buni kim yozganini ham bilmayman. Bunday ma’lumotni kim bergani ham menga noma’lum. Men hech kim bilan gaplashmadim. “So‘g‘diyona”dagilar bilan o‘rtamizda hech qanday muzokara bo‘lib o‘tmadi. Bilaman, “So‘g‘diyona” yaxshi jamoa va klubda o‘zining bosh murabbiyi bor.

- Yangi mavsumda yana O‘zbekiston chempionatida ishlash niyatingiz bormi? Sir bo‘lmasa, oldingizda qanday takliflar bor?

- Juda og‘ir savol. Bunga batafsil javob qaytarish ham mushkul. Buning uchun avvalo kamida 2-3 kun yaxshilab dam olishim kerak. Lekin men bu borada hozir o‘ylamayapman. Boshqa variantlar bo‘yicha sizga biror-bir izoh bera olmayman. Meni to‘g‘ri tushunasiz, deb o‘ylayman. Faqat shuni aytishim mumkinki, jiddiy loyihalarni tuzayotgan jamoalardan xizmatimga qiziqish bor.

nikola2_3

- “Qizilqum” hisob-kitob ishlarini bajardimi?

- Mahalliy futbolchilar bilan bog‘liq holatda hammasi qanday ro‘y berdi, bundan bexabarman. Shaxsan o‘zimga kelsak, men bilan barchasi to‘g‘ri amalga oshirildi.

- “Qizilqum” nima uchun “Paxtakor”ga qarshilik ko‘rsata olmasdan o‘ta yirik hisobda yutqazdi?

- Juda kulguli. Lekin bu haqidagi savolingizga yuqorida javob berib o‘tdim, chamamda. Eng asosiysi, kim o‘yinni ko‘rgan bo‘lsa, shundan xulosa chiqarib olaversin. Bu xususida qo‘shimcha gapirib o‘tirishni xohlamayman. Baribir bu borada hech narsa ayta olmayman.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!