Krishtianu Ronaldу: "Imkon qadar ko‘proq sovrin yutish va barchangizga ma’lum bo‘lgan raqamga yetishni istayman"
"An-Nasr" hamda Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu "Globe Soccer Awards" marosimida o‘zining asosiy maqsadlaridan biri haqida gapirdi. Portugaliyalik yulduz faoliyati davomida 1000 ta gol urishni reja qilganini ma’lum qildi.
"Bu marosim men uchun eng sevimlilaridan biri. Bu yerda juda ko‘p ajoyib insonlarni ko‘raman. Ayniqsa, meni doimo qo‘llab-quvvatlaydigan turmush o‘rtog‘im Jorjina, farzandlarim, ota-onam va jamoadoshlarimni ko‘rish men uchun katta baxt.
O‘ynashni davom ettirish oson emas, ammo ishtiyoq barchasidan ustun. Hali ham juda kuchli motivatsiyaga egaman. Shuning uchun hamon maydondaman. Menga o‘ynash, gol urish, sovrinlar yutish yoqadi. Shu ruhda davom etmoqchiman.
Mening maqsadimni bilasiz. Imkon qadar ko‘proq sovrin yutish va barchangizga ma’lum bo‘lgan raqamga yetishni istayman. Albatta, bunga erishaman. Agar jarohatlar bo‘lmasa, inshaalloh. Yangi yil bilan", — dedi Ronaldu.
Ayni paytda Ronaldu hisobida kecha qayd etilgan dubldan so‘ng 956 ta gol mavjud. U ketma-ket uchinchi bor Yaqin Sharqda yilning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi.



Fikrlar