Kuman qilmishidan pushaymonmi?
“Barselona” bosh murabbiyi Ronald Kuman La Ligada peshqadamlik qilayotgan “Atletiko”da to‘purarlik mahoratini namoyish etayotgan Luis Suares haqida fikr bildirdi. Niderlandiyalik murabbiy Kataloniyaga kelganida Suaresga qo‘ng‘iroq qilib, u jamoadan ketishi kerakligini aytgandi.
- “Barselona”ga kelganimda ayrim g‘oyalarni muhokama qildik va ba’zi o‘zgarishlarga qo‘l urishga to‘g‘ri keldi. Safimizni tark etgan Luis Suares “Atletiko”ga emas, “Yuventus”ga ketganida yaxshi bo‘lardi. U Ispaniya chempionatidan uzoqlashgani yo‘q. Lekin uni qo‘yib yuborish haqidagi qarorimiz to‘g‘ri ekaniga ishongim keladi, - dedi Kuman.
Urugvaylik hujumchi “Barselona” tarkibiga 2014 yili kelgan edi. O‘tgan yili esa Kuman talabi va rahbariyat qarori bilan Kataloniyani tark etib, Madriddan qo‘nim topdi. Suares joriy mavsumda 16 ta uchrashuvda 14 ta gol urib, La Liga to‘purarlari bahsida etakchilik qilmoqda.
Fikrlar