Legionerimiz eng qimmat futbolchilar reytingidan joy oldi
13 mart kuni Qozog‘iston premer-ligasining yangi mavsumi start oladi. Biz uchun muhimi, mamlakatimizning eng kuchli hujumchilaridan hisoblangan Igor Sergeev ushbu mamlakat chempionatida “Aktobe” sharafini himoya qiladi.
Yangi mavsum boshlanishi arafasida Qozog‘iston chempionatining eng qimmat transfer summasiga ega futbolchilar reytingi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, “Qayrat” jamoasining polshalik legioneri Yatsek Guralski chempionatning eng qimmat futbolchisi bo‘ldi. Polsha terma jamoasi o‘yinchisining transfer summasi 2,5 million evroga baholanmoqda.
“Qayrat”ning serbiyalik legioneri Rade Dugalich ikkinchi pog‘onada qayd etilgan. Mahoratli himoyachining xizmatiga ega bo‘lishni istagan klub 2,2 million evro to‘lao‘i kerak bo‘ladi.
“Astana” jamoasining armanistonlik yarim himoyachisi Tigran Barsegyan va “Qayrat” Xorvatiyadan olib kelgan Dino Mikanovichning transfer summasi bir xil – 2 million evroga baholanib, ular uchinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi.
“Paxtakor”dan erkin agent sifatida “Aktobe”ga bepul ko‘chib o‘tgan Igor Sergeevning transfer summasi 1,5 million evroga teng.

Qozog‘iston chempionatining eng qimmat futbolchilari o‘nligi quyida ko‘rinishda:
1.Yatsek Guralski (“Qayrat”, Polsha) – 2,5 mln evro
2. Rade Dugalich ((“Qayrat”, Serbiya) – 2,2 mln evro
3-4. Tigran Barsegyan (“Astana”, Armaniston) – 2 mln evro
3-4. Dino Mikanovich ((“Qayrat”, Xorvatiya) – 2 mln evro
5-6. Aderinsola Eseola ((“Qayrat”, Ukraina) – 1,7 mln evro
5-6. Nurali Alip (“Qayrat”, Qozog‘iston) – 1,7 mln evro
7-9. Temirlan Erlanov (“Ordabasi”, Qozog‘iston) – 1,5 mln evro
7-9. Igor Sergeev (“Aktobe”, O‘zbekiston) – 1,5 mln evro
7-9. Stas Pokatilov (“Qayrat”, Qozog‘iston) – 1,5 mln evro
10.Neboysha Kosovich (“Qayrat”, Chernogoriya) – 1,3 mln evro
Igor Sergeev Qozog‘iston chempionatiga ayni kuchga to‘lgan paytida yo‘l oldi. O‘tgan yili Sergeev “Paxtakor”ning O‘zbekiston chempionatlari tarixidagi eng zo‘r to‘purari bo‘ldi. Mohir hujumchi o‘zini tarbiyalagan klub uchun chempionatda 180 ta uchrashuv o‘tkazib, gollari sonini 101 ta etkazdi. Shuningdek, Igor Sergeev O‘zbekiston milliy terma jamoasida 53 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini 17 marta aniq nishonga olgan.

Igor faoliyati davomida Xitoy chempionatida “Beytszin Goan” (14 ta o‘yin, bitta gol) va Birlashgan Arab Amirliklarida “Az-Zafra” (6 ta o‘yin, bitta gol) sharafini himoya qilgan.
Ta’kidlash joizki, Igor Sergeevga qadar “Aktobe” safida Ja’far Irismetov, Aleksey Nikolaev,Timur Kapadze, Marat Bikmaev, Aleksandr Geynrix, Bobir Davlatov kabi futbolchilarimiz muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan.
“Aktobe” yangi mavsumdagi ilk uchrashuvini 14 mart kuni safarda “Kaspiy” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 14:00da bo‘ladi.



Fikrlar