Legionerimiz o‘yindan chiqib ketganidan keyin jamoasi qahramonlik ko‘rsatdi

  • 26 oktabr, 2024, 16:01
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

Turkiya Superligasining o‘ninchi tur uchrashuvini legionerimiz Azizbek Turg‘unboev o‘ynayotgan “Sivasspor” va “Adana Demirspor” jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv ochib berdi.

Bu bahsga adanaliklar mezbonlik qildi.

Bellashuv “Adana Demirspor” vakillari uchun juda muvaffaqiyatli boshlanib, ular dastlabki 15 daqiqa ichida Yusuf Barasi va Semix Gyulerning aniq zarbalari evaziga hisobda ikki to‘p farqi bilan oldinga chiqib qoldi.

Ushbu bahsda Azizbek Turg‘unboev boshlang‘ich tarkibda maydorga tushdi va birinchi bo‘limda ancha faol o‘ynadi. 36-daqiqada legionerimiz qo‘polligi uchun ogohlantirish oldi.

Oradan ikki daqiqa o‘tib, Fode Koyte g‘alabaga ishonib qolgan mezbonlar darvozasiga birinchi javob to‘pini kiritdi.

Tanaffusda “Sivasspor” bosh murabbiyi Byulent Uyg‘un ikkita o‘zgarishni amalga oshirib, jamoani boshqa taktik sxemaga o‘tkazdi. Sariq kartochka olgan Azizbek Turg‘unboev  va Kvinsi Menig o‘rniga ikkinchi bo‘limni ilk daqiqasida Yan Beganski va Harri Rodrigesh o‘yingat qo‘shildi.

Azizbek Turg‘unboev o‘z o‘rnini jamoadoshiga bo‘shatib berganidan keyin “Sivasspor” haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdi. Bellashuvning ikkinchi yarmida bu jamoa vakillari mezbonlar darvozasiga yana uch marotaba yo‘l topa oldi.

Harri Rodrigesh, Rey Manay va Urosh Radakovich bittadan to‘p kiritib, mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantira oldi – 4:2.

Bu g‘alabadan keyin sivasliklar ochkolari sonini 14 taga etkazib oldi va Evropa kuboklariga yo‘llanma beruvchi yuqori o‘rinlar uchun kurashga qaytdi.

Tajribali legionerimiz joriy mavsumda jamoasining barcha – o‘nta uchrashuvida ishtirok etdi va jamoadoshlariga uchta golli pas uzatdi.

Azizbek Turg‘unboev “Navbahor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Yurtimizda namanganliklar jamoasidan tashqari “Paxtakor”da ham to‘p tepgan.

30 yoshli universal futbolchi o‘tgan yilning oxirida Qatarda o‘tkazilgan Osiyo kubogidagi yorqin o‘yinlaridan keyin 2024 yilning boshida ilk bor legionerga aylandi. “Sivasspor” vakillari “Paxtakor” bilan shartnomasi yakunlangan o‘yinchini erkin agent maqomida o‘z tarkibiga qo‘shib oldi.

Turg‘unboev aslida tayanch hududda o‘ynaydigan markaziy yarim himoyachi hisoblanadi. Biroq har ikki qanotda himoyadan hujumgacha bo‘lgan zonada ham muvaffaqiyatli o‘ynay oladi.

Azizbek klublar miqyosida O‘zbekiston va Turkiya jamoalarida jami 242 ta uchrashuvda maydonga tushib, 45 ta gol va 19 ta assist muallifi bo‘lgan. “Sivasspor”ga ko‘chib o‘tganidan beri turk jamoasida jami 22 ta uchrashuvda ishtirok etdi, o‘z hisobiga bitta gol va uchta golli uzatma rasmiylashtirib qo‘ydi.

Turg‘unboev 2018 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. Xalqaro miqyosida 35 ta uchrashuv o‘tkazib, Meksika va Avstraliya kabi kuchli terma jamoalar darvozasiga bittadan to‘p kiritgan. Shuning,  Tailand terma jamoasiga qarshi ikkita o‘yinda bittadan gol urgan. Yana ikki marta jamoadoshlariga pas uzatgan.

Legionerimizning “Sivasspor” bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilning 30 iyunigacha davom etadi.

Husanov bu klubga haqiqiy syurpriz bo‘ldi!
Bir necha metrdan gol urolmagan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!