Legionerlarimiz kelajagiga oydinlik kiritib olishi kerak. Shartnoma tugamoqda...
Chimkentning “Ordabasi” jamoasi uzoq yillik tarixida ilk bor Qozog‘iston chempioni, degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Belaruslik mutaxassis Aleksandr Sednev boshqaruvidagi jamoa mavsum davomida 26 ta uchrashuvdan 18 tasida zafar quchdi, to‘rt martadan durang va mag‘lubiyat qayd etib, eng ko‘p – 58 ochko jamg‘ardi.

“Ordabasi” Premer-ligadagi 14 jamoa ichida eng ko‘p – 48 ta gol urgan va eng kam – 21 ta to‘p o‘tkazgan jamoa bo‘ldi.
Tabiiyki har qanday jamoaning chempionatdagi ishtiroki tarkibdagi futbolchilar saviyasi, mahorati, o‘yiniga bog‘liq. Ana shu ma’noda, chimkentliklar juda yaxshi jamoa shakllantira oldi.
Aleksandr Sednev jamoaga mahalliy o‘yinchilardan tashqari Osiyo, Evropa, Janubiy Amerika, Afrikadan, xususan, O‘zbekiston, Ukraina, Belarus, Serbiya, Gvineya-Bisau, Xorvatiya, Braziliya va Senegal davlatlaridan legionerlarni jalb qildi.
Qozoq futboli faxriylaridan Bulat Esmagambetov “Ordabasi” tarkibi, qaysi o‘yinchilarni olib qolish muhimligi va kelasi mavsum bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
— Chempion bo‘lish qiyin, biroq chempionlikni himoya qilish undan ham og‘ir. Endi “Ordabasi” har bir pozitsiyani kuchaytirishga e’tibor qaratadi, deb o‘ylayman. Bu jamoa yakunlangan chempionatda hammadan ko‘p gol urdi va eng kam to‘p o‘tkazdi. Kelasi yili jamoaga yanada qiyin bo‘ladi.
“Ordabasi” Evropa Chempionlar ligasi va ichki musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rishi kerak. Qozog‘iston futbolida ko‘p narsa byudjetga bog‘liq bo‘ladi. Har qanday yaxshi o‘yinchi yaxshigina pul turadi. G‘alaba qozonishni yaxshi ko‘radigan o‘yinchilar ko‘p, ularni topish qiyin emas. Lekin yutqazishni yomon ko‘radigan ijrochilarni topish ancha og‘ir masala.
Jamoa mavsum davomida ko‘p o‘yin o‘tkazgan asosiy tarkibni o‘yinchilarini saqlab qolsa kerak. Klubni asosan kam o‘ynaganlar hamda asosiy tarkib vakillariga raqobatda yutqazganlar tark etadi.
Birinchi navbatda, mahalliy tajribali o‘yinchilar – Tagibergen, Islomxon, Evranov, Jaksilikovni jamoada olib qolish kerak. Legionerlardan ukrainalik Artyom Besedinni ajratib ko‘rsatish mumkin. Lekin birinchi o‘rinda Bobur Abduxoliqovni saqlab qolish shart. U muhim gollarni urdi.
Ikki nafar yaxshi darvozabon – Bekxan Shayzada va Muhammadjon Seysenni ham olib qolgan ma’qul, - dedi Bulat Esmagambetov.
Chempionlik mavsumida Bobur Abduxoliqov “Ordabasi” safida Premer-liganing barcha 26 ta uchrashuvida qatnashgan yagona futbolchi bo‘ldi. Legionerimiz raqiblar darvozasiga ettita gol urib, jamoadoshlariga to‘rtta golli pas uzatdi.
Shahboz Umarov esa, 22 ta uchrashuvda maydonga tushib, uchta gol va bitta assist muallifi bo‘ldi.
.jpg?1698804206698)
Ta’kidlash joizki, har ikki o‘zbek legionerining “Ordabasi” klubi bilan tuzgan shartnomasi shu yilning 21 dekabr kuni yakunlanadi.
Eslatib o‘tamiz, endi “Ordabasi” mavsumning so‘nggi o‘yini – 4 noyabr kuni bo‘ladigan Qozog‘iston kubogi finalida “Tobol” jamoasi bilan raqobatlashadi.
Fikrlar