Levandovskisiz Polsha bosh murabbiysiz Niderlandiyaga qarshi (prevyu)

Joriy yildagi futbol qolganlaridan farq qilayotgani haqida juda ko‘p aytdik. Shunday bo‘lmaganda, Polsha salkam “Oltin to‘p” sohibini Millatlar Ligasiga chaqirmasmidi?! U hozirda yangi mavsum oldidan dam olyapti. Uchrashuv qanchalik muhim bo‘lmasin, Robert og‘ir mavsumdan so‘ng, hordiq chiqarishga haqli. Ammo Levandovskisiz ham polyaklar u qadar zaif emas. Raqibda bosh murabbiy yo‘qligi bilan hisob teng!

Umuman, Millatlar Ligasi kichik eksperimentni amalga oshirib bersa yaxshi bo‘lardi. Kecha Germaniya va Ispaniya o‘rtasidagi uchrashuv qanchalik qiziqarli o‘tganiga qaramay, muxlislar baribir etishmadi. UEFA Superkubogi uchun bellashuvga 30 foizgacha muxlislarga ruxsat berildi. Nega endi Millatlar Ligasiga 10 foizga bo‘lsa ham, tomoshabinlar kiritilmadi. Bu yangi mavsum oldidan kichik miqyosdagi sinov bo‘lar edi. To‘g‘ri, odamlar hayoti bilan tavakkal qilib bo‘lmaydi. Biroq, turli mamlakatlar chempionatlarida allaqachon ma’lum miqdorda muxlislar ishtiroki kuzatilmoqda. Tomoshabinlarning bo‘lishi ayniqsa, terma jamoalar o‘rtasidagi bellashuvlarda kerak bo‘ladi.

Gollandiya

Niderlandiya

Amaldagi finalchilar ushbu masvumda musobaqa g‘olibligini maqsad qilgandi. Qish va bahordagi gaplarga ko‘ra, Kuman "EVRO-2020"dan so‘nggina terma jamoadan ketishi mumkinligini e’lon qildi. Ammo qit’a birinchiligi keyingi yilga qoldirilishi uning ketish muddatini uzaytira olmadi. Gollandlarning tole’yini qarangki, “Barsa”ning muvaffaqiyatsizliklari aynan shu paytga to‘g‘ri kelib qoldi. Yuragidagi eng katta orzulardan biri kataloniyaliklarni boshqarish bo‘lgan Ronald uchun bundan qulayroq fursat bo‘lmasligi mumkin. Xavining o‘zini tayyorlashiga qaraganda, “Barsa”da katta erani boshlamoqchiga o‘xshaydi. Ungacha esa golland mutaxassisi futbolchilik yillaridagidek yaxshi natijalar bilan “blaugranas” muxlislarini xushnud etib turishi mumkin. 

“Lolalar yurti” vakillari ushbu musobaqaga baribir jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan. Ularning qaydnomasi optimal holatda. Vaqtincha murabbiylik vazifasini bajarib turgan Duayt Lodeveges ushbu xavfli holatda tavakkal qilishni ma’qul ko‘rmadi.

Taxminiy tarkib: Sillesen, Damfris, Tete, De Vrey, Van Deyk, De Yong, Veynaldum, Strotman, Babel, Promes, Depay.

Van Deyk

Polsha

Polsha birmuncha og‘ir guruhga tushib qoldi. Italiya hamda Niderlandiya haqida gapirib o‘tirish shart emas, Bosniya va Gertsegovina ham turgan bitgani bosh og‘riq bo‘lishi mumkin. Levandovskisiz qatnashgan taqdirda esa, guruh autsayderiga aylanib qoladi. Aslida, Robertda ham etakchilik qobiliyati u qadar katta emas. U sof 9-raqam. Ayniqsa, terma jamoada u kombinatsiyalarga yanada kamroq qo‘shiladi. Shundan kelib chiqsak, barchasi murabbiyga bog‘liq bo‘lib qoladi. Uning ixtiyorida “ko‘hna qit’a” darajasida o‘rtacha, deb hisoblanadigan tarkib mavjud. Albatta, kichik-kichik nomlar bor. Ushbu futbolchilardan yaxshi bir jamoa tashkillashtirish Eji Bjenchekning o‘z qo‘lida.

Taxminiy tarkib: Shchesni, Bednarek, Berejinski, Glik, Ribus, Grositski, Krixovyak, Linetti, Zelinski, Kadzior, Milik.

polsha1

Murabbiylar

Duayt Lodeveges: “Men mashg‘ulotlarda yigitlarning g‘alabaga chanqoqligini ko‘rmoqdaman. Har biri o‘zining nimalarga qodirligini ko‘rsatishga urinmoqda. Qaydnomamizda debyutant va veteran futbolchilar bor. Men De Vreyning o‘rniga boshqani tushirishni o‘ylamayapman. Bu borada hammasi joyida bo‘lishiga umid qilaman. 

Duayt

Eji Bjenchek: “Futbol bu jamoaviy o‘yin va natija butun tarkibning qanday sur’atda ishlashiga bog‘liq. Niderlandiyaga qarshi har qanday xato kechirilmaydi”.

Eje

Xulosa o‘rnida

Millatlar Ligasi A guruhi bizga yangi mavsumda ham katta uchrashuvlarni va’da qilmoqda. Mana shunday o‘yinlardan biri bizni oldinda kutib turibdi. Ammo tan olib aytish lozimki, “uchar gollandlar” bugun favorit. Ulardan ishonchli g‘alaba kutishimiz ham o‘rinli. Chunki, yuqorida aytganimdek, tarkib o‘ta jiddiy tuzilgan. 

Last

Murabbiylarning gaplari ham fikrimiz isboti bo‘lmoqda. Lodeveges jarohat xavfi ostidagi De Vreyni ham maydonga tushirmoqchi. Unga ortiqcha tavakkal kerak emas. Vaqtincha bosh murabbiy qilib tayinlanganini unutmagan. Bjenchek esa shogirdlarining xato qilishidan cho‘chiyotganini ko‘rsatdi. Buning ustiga juda qisqa gapirdi. Albatta, polyaklarning qandaydir rejasi borligi aniq. Ammo shu qopqondan qutilib qolgan taqdirda, “lolalar yurti” vakillari uchun “ochiq eshiklar” kuni boshlanib ketishi mumkin.


Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!