“Liverpool” Husanovdan oʻtolmagan yulduzni sotadi
Niderlandiyalik mashhur hujumchi Kodi Gakpo joriy mavsum yakunlangandan keyin “Liverpul” klubini tark etishi kutilmoqda. Jurnalist Uilson Koks ma'lumotiga ko‘ra, klub 26 yoshli o‘yinchini yozda sotish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Joriy chempionatda chempionlik unvonini saqlab qola olmagan mersisaydliklar kelasi mavsum oldidan tarkibini jiddiy tarzda qayta ko‘rib chiqadi va katta o‘zgarishlarni amalga oshirishni rejalashtirib qo‘ygan.
Manbaning ta'kidlashicha, Gakpo klubni birinchilardan bo‘lib tark etadigan nomzodlar ro‘yxatiga kiritildi.
Kodi Gakpo aslida Niderlandiyaning eng qudratli klublaridan hisoblangan PSVda tarbiyalangan va professional faoliyatini aynan shu jamoada boshlagan.
“Liverpul” qanot hujumchisini 2023 yilning yanvar oyida 42 million yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi va u bilan 2030 yilning 30 iyunigacha davom etadigan shartnoma imzoladi.
Joriy mavsumda Gakpo barcha turnirlarda 34 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasiga yettita to‘p kiritdi va jamoadoshlariga to‘rtta golli pas uzatdi.
Yaqinda Angliya Premer-ligasi doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” tarkibida niderlandiyalik hujumchiga qarshi o‘ynab, unga gol urish imkonini bermadi.
Abduqodir o‘yinda aynan Gakpo bilan kurash chog‘ida yuzidan zarba oldi. Bu vaziyatda to‘pga chiqqan darvozabon Janluiji Donnarummaning tizzasi Husanovning yuziga tegdi.
O‘zbek futbolchisining o‘z salomatligini xatarga qo‘yib bo‘lsa-da, “Liverpul” hujumchilariga gol urish imkonini bermagani “Manchester Siti” muxlislarining Abduqodirga bo‘lgan mehrini jo‘shtirib yubordi.
Fikrlar