Manchesterliklar o‘zi tarbiyalagan o‘yinchini ortga qaytaradi

  • 14.01.2026 22:46
  • Ali Ahmadxo’jayev
  • 0
  • Futbol

“Manchester Yunayted” mutasaddilari jamoa tarkibini kuchaytirish maqsadida ayni paytda “Everton” sharafini himoya qilayotgan yarim himoyachi Jeyms Garnerni ortga qaytarishga qaror qildi. Bu haqida Daily Mail xabar berdi. 

Manba ma'lumotlariga ko‘ra, 24 yoshli futbolchi transfer bozorida mankunianlar uchun “Nottingem Forest” o‘yinchisi Elliot Andersonga qaraganda ancha maqbul variant sifatida baholanmoqda. Aynan Anderson kelasi yozda klubning asosiy transfer maqsadi bo‘lishi kutilmoqda. Lekin bu o‘yinchiga ko‘z tikkan qudratli klublarning ko‘pligi uni olishni ancha qiyinlashtiradi. 

Garnerning amaldagi bitimi 2027 yil 30 iyunda yakunlanadi va uning o‘yinidan to‘liq qoniqish qilgan “Everton” hamkorlikni uzaytirishga harakat qilyapti. Biroq bu borada hozircha sezilarli  siljish kuzatilmayapti.

Jeyms Garner “Manchester Yunayted” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U asosiy tarkibga kira olmagani bois, 2022 yilning kuzida “Everton”ga ko‘chib o‘tgan. 

Transfermarkt portali ma'lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 25 million yevro atrofida baholanmoqda. 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!