
Marat Bikmaev: Namanganda muxlislar to‘la stadionda to‘p surish maroqli
“Lokomotiv” klubi chempionatning dastlabki turida “Andijon”ni qabul qilib, 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratan holda ilk g‘alabasini qo‘lga kiritganidan xabaringiz bor. Mazkur uchrashuvda esa temiryo‘lchilarning rossiyalik legioneri Kiril Pogrebnyak dublga erishdi. Ko‘rinib turibdiki, “Loko”dagi tajribali hujumchilar Marat Bikmaev va Temurxo‘ja Abduholiqovga bu yil jiddiy raqobatchi topilgandek.
O‘tgan mavsumda “Paxtakor” safida to‘p surib sovrinlarga ega chiqqan Bikmaev bir yillik tanaffusdan keyin “Loko”ga qaytgan holda faoliyatini yana sobiq klubida davom ettirmoqda. Bungacha ushbu hujumchi “Lokomotiv”da o‘ynagan kezlarida to‘purarlik mahoratini ko‘rsatib kelardi. “Andijon”ga qarshi bellashuvda ham Bikmaev to‘liq o‘ynadi va garchi gol urmagan bo‘lsa-da, jamoasining g‘alabasiga hissa qo‘sha oldi. Bikmaev esa dastlab o‘yin to‘g‘risidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Natijadan kelib chiqib biroz bo‘shashdik”
- O‘yin haqida fikrimmi? Birinchi bo‘limda biz 2:0 hisobida yutib turgandik. Menimcha, balki shuning uchun ikkinchi bo‘limda hisobga qarab o‘ynadik. Natijadan kelib chiqib biroz bo‘shashdik ham, nazarimda. Hammada shunaqa bo‘ladi, 2:0 hisobida oldinda borayotgan chog‘ingizda qandaydir biroz bo‘shashishlik seziladi. Bizda ham shunga o‘xshash vaziyat bo‘ldi. Nima bo‘lganda ham “Lokomotiv” 2:1 hisobida yutdi. Endi keyingi uchrashuvlarda yo‘l qo‘ygan xatolarimizni takrorlamasligimiz kerak.
“Andijon” ikkinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynadi”
Ushbu o‘yinga “Andijon” klubi bir qator muammolar bilan etib kelganini ko‘pchilik bilsa kerak. Ayniqsa, tarkibga qabul qilingan yangi futbolchilar “zayavka”dan o‘tkazishda qiynalishdi. Ochig‘i, ushbu uchrashuvda mezbonlarning yirik hisobda g‘alaba qozonishini ham kutganlar bor edi. Ammo raqib oson taslim bo‘lmadi. O‘z navbatida “Loko” hujumchisi Bikmaev “Andijon” xususida shunday dedi:
- To‘g‘risini aytsam, “Andijon” ikkinchi bo‘limda yaxshiroq o‘ynadi. Birinchi bo‘limda esa biz ko‘proq pressing uyushtirib ularga o‘yin “bermagandik”. Ikkinchi bo‘limda esa raqibga to‘pni berib qo‘ydik. Menimcha, har qanday jamoaga to‘pni toshpirsangiz raqib yaxshi o‘ynashga harakat qiladi. “Andijon” esa ikkinchi bo‘limda yaxshi o‘ynashni biladigandek o‘zini ko‘rsatdi. Umuman, jamoamiz haqli ravishda g‘alaba qozondi. “Andijon”ga esa keyingi uchrashuvlarida omad tilayman.
“Namanganlik muxlislarga besh ketaman”
Temiryo‘lchilarni ikkinchi turda bundan-da murakkab o‘yin kutmoqda. Qur’aga ko‘ra “Loko” ketma-ket dastlabki ikkita turni vodiy jamoalariga qarshi o‘tkazishi belgilab qo‘yilgandi. Mana, ilk turda “Andijon” bilan o‘ynagan bo‘lsa, endi ikkinchi turda Namanganda “Navbahor”ga qarshi maydonga tushishadi. Bo‘lajak raqibning “Paxtakor”ga qarshi o‘yinini hamma ko‘rgan bo‘lsa kerak, ular chindan ham chempionga muammolar tug‘dirishdi. Endi bo‘lsa, Namanganda ochilish uchrashuvi bo‘ladi va “Lokomotiv”ga oson tutib bo‘lmaydi. Marat esa bo‘lajak bahs haqida o‘z fikrlari bilan o‘rqtolashdi:
- Namanganni gapirmasa ham bo‘ladi. U erda oldindan muxlislar juda ko‘p kelishadi. Hattoki, Toshkentdagi “Paxtakor”ga qarish uchrashuvga ham Namangandan qancha ishqiboz kelganini barcha ko‘rdi. Ammo biz ularga qarshi birinchi marta o‘ynayotganimiz yo‘q-ku. Aytmoqchimanki, “Navbahor”ga qarshi uchrashuv nihoyatda qiziqarli o‘tadi. Buning ustiga ular birinchi turda yutqazishdi. Endi o‘z maydonida faqat hujum qilishi va yutishi kerak bo‘ladi. Boz ustiga Namanganda mavsumning ochilish o‘yini ham bo‘ladi. Biz ham qo‘limizdan kelganicha o‘ynaymiz. Tayyorgarlik qanaqa bo‘lishi mumkin? Doimgidek, oddiy. Boshqa jamoalarga qarshi qanday tayyorgarlik ko‘rsak, “Navbahor”ga qarshi ham shunday hozirlik ko‘ramiz. Nima bo‘lsa ham bu o‘yin zo‘r bo‘ladi. Stadionga ko‘p odam keladi. Aslida muxlislar to‘la stadionda o‘ynash ham futbolchilar uchun juda maroqli bo‘ladi. Ana shunda haqiqiy o‘yin bo‘ladi. Namanganlik ishqibozlarga doim besh ketaman, ularga qoyil qolish kerak. Stadionda ajoyib muhitni yaratishadi. Hamma jamoalarda ham shunday muxlislar bo‘lishini istardim.
“Istiqlol”ga yutqazganimiz jamoaga ruhiy ta’sir qilmadi”
Ma’lumki, aslida “Loko” uchun joriy yildagi rasmiy o‘yin ertaroq boshlangandi. Ular yanvarda Osiyo Chempionlar ligasi dastlabki pley-off bosqichida o‘z uyida Tojikistonning “Istiqlol” klubiga kutilmaganda yutqazib, barchani ajablantirib qo‘ygandi. O‘sha mag‘lubiyat esa “Loko” futbolchilariga salbiy ta’sir ko‘rsatgani ham aytilgandi. Bu masalada jamoa etakchisi quyidagicha munosabat bildirdi.
- Osiyo Chempionlar ligasining dastlabki pley-off bosqichida yutqazib qo‘yganimiz jamoamizga yomon ta’sir qilmadi. Bu o‘yin ham o‘tib ketdi. Endi tarixga kirdi. Balki o‘sha kungi holatga “Istiqlol” yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgandir. Biz bu o‘yinga bir oy va undan biroz oshiqroq vaqt davomida tayyorlangandik. Lekin bu – futbol. Hadeb yutqazilgan o‘yin haqida o‘ylanib yuravermaysiz-ku. Buni unutib, oldinga yurish kerak. Yana qaytaraman, o‘sha mag‘lubiyat jamoamizga ruhiy ta’sir ko‘rsatmadi.
“Pogrebnyakka hamma – men ham ishonaman”
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, “Lokomotiv”ga yangi qo‘shilgan rossiyalik legioner Kiril Pogrebnyak “Andijon”ga qarshi bahsda ikkita gol urib o‘yin qahramoniga aylandi. Bu esa yangi raqobatning vujudga kelishiga sabab bo‘lmoqda. Bikmaevdan Pogrebnyak haqida fikr bildirishini so‘radik.
- Bu hujumchi to‘g‘risida nima desam bo‘ladi? Juda yaxshi bola. Muomalasi ham ajoyib. Jamoamizga juda tez kirishib ketdi. Uning o‘ziga yarasha kuchli tomonlari bor. Mehnatkash hujumchi. Unda chinakamiga to‘purarlik xususiyati bor. Kiril to‘g‘risida faqat iliq taassurotlarim bor. Ishonamanki, u yana o‘zini ko‘rsatishda davom etadi. Pogrebnyakka hamma ishonadi va shu jumladan men ham. Raqobat haqida gapiryapsiz, bu narsa hamma jamoada bor. Muhimi, biz ochko to‘plashni boshladik. Kim gol urishidan qat’iy nazar jamoa yutsa bo‘ldi.
“Paxtakor”dan yaxshi xotiralar qoldi”
O‘tgan yili “Paxtakor” uchta sovrinni qo‘lga kiritgani va klub tarkibida Marat Bikmaev ham borligini barcha yaxshi biladi. Demakki, ushbu hujumchi ham 2019 yilgi chempionatda jamoasi bilan qozonilgan muvaffaqiyatlarda aloqadar. Endilikda “Paxtakor”ning sobiq hujumchisiga aylangan futbolchi u erdagi xotiralarini qisqacha shunday dedi:
- “Paxtakor” bilan yaxshi xotiralar qolgan. Ushbu klubda o‘ynab uchta sovrinni yutdik. Bundan esa tabiiyki juda xursandman.
“Nasib qilsa chempion bo‘lamiz, nasib qilmasa yo‘q”
Lekin joriy mavsumda ham ko‘pchilik yana “Paxtakor”ning o‘tgan yilgi muvaffaqiyatlarini takrorlashiga ishonishmoqda. Bu borada ularga chempionatimizdagi hech bir raqib tenglasha olmasligi haqida aytilayotgan fikrlar yo‘q emas. Bu vaziyatda “Lokomotiv” amaldagi chempionga qanchalik raqobat tug‘dira oladi? Qolaversa, Bikmaev ham “Loko” bilan birga endi sobiq jamoasiga qarshi chempionlikni qaytarib olish uchun kurashadimi? Bu masalada quyidagicha munosabat bildirdi.
- Hozir hech narsa ayta olmayman. Hammasini chempionat oxirida bilib olamiz. Balki men “Lokomotiv” chempion bo‘ladi deb aytishim ham mumkin, ammo oldindan katta gapirish yarashmaydi. Yoki “Paxtakor”ni ham barvaqt chempion bo‘ladi deyishim ham mumkin. Ammo bunday bo‘lmasligi ham mumkin. Men bu masalada hech nima deya olmayman. Axir kim nima bo‘lishini men qaerda ham bilardim? Biroq biz oxirigacha maqsadimiz sari kurashamiz. Hammasi nasib qilgani. Agar nasib qilsa chempion bo‘lamiz. Hammasi Xudodan. Ammo bu yilgi chempionat juda qiziq bo‘ladi.
“Beshta yangi o‘yinchi bor, shular yangi qon”
Ammo bu yil “Lokomotiv”ning tarkibi chempionlik uchun kurashishga qanchalik qodir? Ochig‘i, joriy mavsumda tarkibga yangi qon quyilishini kutgandik. Lekin ko‘proq sobiq o‘yinchilarni qaytarishdi. O‘tgan yili iste’foga chiqarilgan Andrey Fyodorov “Loko”ga qaytarilganidan keyin u asosan sobiq futbolchilarini yig‘di. To‘g‘ri, bu borada Bikmaev va Maxaradzening tajribasiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Lekin bu yil jamoaga yangi qon o‘rniga eski qon quyilmadimikin?
- Yangi qon? Mana, jamoaga yangi hujumchini olishdi – Pogrebnyak. Yana kim? Shaymanov, Umirov, Afonin, Damyanovich. Mana, beshta yangi o‘yinchi. Shular yangi qon. Meni esa “Paxtakor” bilan shartnoma tugaganidan keyin “Lokomotiv” menga taklif bilan chiqqanida rozi bo‘ldim. Kaxi ikkalamiz esa “Loko”ga qaytib keldik, - deya ushbu masalaga munosabat bildirdi, Bikmaev.
Fikrlar