
Markaziy o‘yinlar vodiyda yoxud Superliganing 20-turida bizni nimalar kutmoqda?
Bugun Superliganing 20-turiga start beriladi. O‘yinlar uch kun davomida bo‘lib o‘tadi.
Markaziy uchrashuvlar vodiyda – Andijon va Namanganda bo‘lib o‘tadi. Kubok finalchilarini juda muhim o‘yinlar kutyapti. “Andijon” vodiy derbisida “Neftchi”ni qabul qilsa, “Navbahor” medallar uchun kurashda “So‘g‘diyona” bilan o‘z uyida o‘ynaydi.
25 sentyabr
17:30. “Paxtakor” – “Olimpik”
Chempionatni bir tekisda o‘tkaza olmayotgan “Paxtakor” va “Olimpik” bu safar o‘zaro to‘qnash keladilar. O‘tgan turda Olmaliqda “Metallurg”ga alamli tarzda yutqazgan “Paxtakor” “Olimpik” bilan uchrashuvga bosh murabbiysiz tayyorlandi. Maksim Shatskixning iste’fosi haqida ko‘p gapirilyapti. Garchi hali tasdiqlanmagan bo‘lsa-da, uning mashg‘ulotlarda ko‘rinish bermagani taxminlar o‘zini oqlashidan darak berayotgandek. Chempionlikdan umidini uzgan “Sherlar”ni kuchli uchlikka kirishi ham so‘roq ostida qolyapti. Bosimsiz o‘ynayotgan “Olimpik” Korostichenko boshchiligida hali g‘alaba qozongani yo‘q. Yaxshi o‘yin guvohiga aylanamiz.
20:30. “Andijon” – “Neftchi”
Turning markaziy o‘yini “Bobur arena”da bo‘lib o‘tadi. Bu safargi vodiy derbisi “yonadi”. “Andijon”ni ketma-ket ikkita derbi kutyapti. O‘zbekiston Kubogi finali oldidan “Burgutlar” yana bir jiddiy imtihondan o‘tadilar. Stadionda fantastik muhit bo‘lishi shubhasiz. Ikkinchi davrada hali g‘alaba qozonmagan “Andijon” Kubok finali oldidan muxlislarini g‘alaba bilan quvontirishni maqsad qilishgan. Maydonda qattiq jang kechishi tabiiy. Bu o‘yinni ko‘rganlar aslo zerikishmaydi.
26 sentyabr
18:30. “Dinamo” – “Surxon”
O‘tgan turda safarda “Olimpik”ni yirik hisobda yutib qaytgan “Dinamo” Samarqandda nominal mezbon sifatida “Bunyodkor”ga mag‘lub bo‘lgan “Surxon”ni qabul qiladi. Bu gal termizliklar Samarqandda chinakam mehmon jamoa sifatida o‘ynaydi. Ikkala jamoa o‘yini bir-biriga o‘xshab ketadi. Jamoalar musobaqa jadvalida yonma-yon borishyapti. Agar “Dinamo” uyida yutadigan bo‘lsa, “Surxon”ni bir ochkoga ortda qoldiradi. Hozircha esa imkoniyatlar teng.
18:30. “Navbahor” – “So‘g‘diyona”
Turning yana bir markaziy uchrashuvi Namanganda bo‘lib o‘tadi. Sovrinli o‘rinlar uchun kurashda “Navbahor” raqibini engishi shart. O‘z navbatida “So‘g‘diyona” ham kuchli uchlikdagi o‘rnini saqlab qolish va 2-o‘ringa ko‘tarilish uchun ham Namangandan g‘alaba bilan qaytish ilinjida. Bu o‘yin ham barchaning e’tiborida. “So‘g‘diyona” oldinlari ham Namanganda o‘z maqsadiga erishgan va shu bois jizzaxliklar qanday yutishni biladi.
27 sentyabr
17:00. “Qizilqum” – “Metallurg”
Nihoyat, o‘tgan turda “Metallurg” chempionatdagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Ishtaha ovqat paytida keladi deganlaridek, bekobodliklarda ham endi shu narsa ro‘y bersa ajablanmaymiz. “Qizilqum”ga barqarorlik etishmayapti. Ammo o‘tgan turda “Neftchi”ga qarshi bahsda iroda va xarakter ko‘rsatib 2:0 hisobidagi mag‘lubiyatni 2:2 ga aylantirishni uddasidan chiqdilar. Bu juftlikda balki birgina gol o‘yin taqdirini hal qilishi ham mumkin.
19:15. OKMK – “Lokomotiv”
“Nasaf”ga yutqazib qaytgan OKMK hech bo‘lmaganda 2-o‘rnini saqlab qolish uchun ham bu yog‘iga yanada jiddiy e’tibor qaratadi. Bu yo‘lda oldida turgan raqibi – “Lokomotiv”ni mag‘lub etishi lozim. Jon saqlab qolish uchun kurashayotgan “Temiryo‘lchilar” bu safar ham raqibiga jang taklif qilishi tabiiy. Uchrashuvda tajriba ko‘p narsani hal qiladi.
28 sentyabr
17:00. “Bunyodkor” – “Nasaf”
Ikkinchi davrada ancha “jonlanib” qolgan “Bunyodkor”ni bu turda og‘ir o‘yin kutmoqda. Chempionlik uchun asosiy da’vogar va chempionlarga xos o‘yin namoyish qilayotgan “Nasaf” “Bunyodkor” mehmoni bo‘ladi. Ro‘ziqul Berdiev jamoasini to‘xtatib bo‘lmay qoldi. Ko‘ramiz, bu ish “Bunyodkor”ning qo‘lidan kelarmikan?
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar