
Mashhur bokschimiz engilmas raqibning ikki kamari uchun jang qiladi
Chechenistonning Grozniy shahri professional boks kechasiga mezbonlik qilmoqda. Bugungi dasturdan o‘n ikkita jang joy olgan. Asosiy jangda taniqli bokschimiz Sherzod Husanov (22-1-1, 10 KO) mezbonlar vakili Aslambek Idigovga (19-0-0, 7 KO) qarshi ringga chiqadi.
Ushbu jangda Aslambek Idigov Sherzod Husanovdan o‘ziga tegishli bo‘lgan professional boksning WBO va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha Evropa chempionlik kamarlarini himoya qiladi. Bahs o‘n raund etib belgilandi.
Sherzod Husanov o‘z vaqtida havaskor boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining etakchi bokschilaridan bo‘lgan. U jahon chempionatlarida kumush va bronza medalga ega chiqqan, bu natijasini qit’a chempionatida ham takrorlay olgan. Osiyo o‘yinlari sovrindori, Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi bo‘lgan.
2007 yildan professional boksga o‘tgan farg‘onalik charm qo‘lqop ustasi uzoq yillar davomida mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirib keldi. Sherzod 2014 yilgacha 18 ta g‘alaba va bitta durang bilan boks tushishni to‘xtatdi. Oradan uch yil o‘tib, yana qo‘lqopni qo‘lga olib, ketma-ket uchta jangda zafar quchdi.
Husanov faoliyati davomida rossiyalik Kiril Samodurov, Maksim Chemezov, Timur Nergadze, Aleksandr Valiaxmetov va estoniyalik Pavel Semyonov kabi mag‘lubiyatga uchramagan bokschilarni birinchi bo‘lib enga olgan.
2018 yili bokschimizning mag‘lubiyatsiz seriyasi tugadi. Polshada mezbonlarning engilmas bokschisi Damian Jonakka qarshi o‘tkazilgan uchrashuv Sherzod Husanovga qimmatga tushdi. Hakamlar teng kurashlar ostida o‘tgan bellashuvda ochkolar hisobidagi g‘alabani mezbon bokschiga berib yubordi. Jonak faoliyatidagi 41-muvaffaqiyatini tantana qilgan bo‘lsa, Sherzod birinchi bor ringni boshi egik olda tark etdi. Shundan so‘ng, ikki yil dam olgan o‘zbek bokschisi yana ringga qaytdi. Robert Pajechevski bilan bo‘lgan jangda Sherzod Husanov ikkinchi raundda bitta super zarba bilan raqibini ringga qulatdi.
Mana endi, 41 yoshli bokschimiz qit’a chempionligi uchun ringga chiqish imkoniga ega bo‘lmoqda. Uning bu galgi raqibi Aslambek Idigov yosh va kuchli bokschi. 2013 yildan beri professional janglarda ishtirok etayotgan Idigov shu kunga qadar 19 ta jangning barchasini o‘z foydasiga hal qildi. Faoliyati davomida Jeyms Ballard, Ronni Landaeta, Robert Rach, Rayan Ford kabi kuchli bokschilarni engdi.
2019 yilning aprelida Ronni Landaeta qarshi jangda WBO va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha Evropa chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritgan. Robert Rach va Stanislav Kashtanovga qarshi bahslarda o‘z sovrinlarini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Endi bo‘lajak jangda Sherzod Husanov raqibining kamarlarini tortib olishga harakat qiladi.
Grozniydagi professional boks kechasida yana bir hamyurtimiz Odiljon Mirzarahimov ham ishtirok etadi. Odilning faoliyati bir tekis ketmayapti. U sakkizda bellashuvdan atigi ikkitasida g‘alaba qozongan, uning ishtirokidagi uchta to‘qnashuvda kuchlar kelgan va uch marta mag‘lubiyat qayd etilgan.
Odilning bu galgi raqibi Idris Adalaev Qozog‘istonda tug‘ilgan bo‘lsa-da, Rossiya sharafini himoya qilmoqda. U ketma-ket ikkita jangda g‘olib chiqqan. Adalaev va Mirzarahimov o‘rtasidagi reyting jangi olti raund etib belgilangan.
Bo‘lajak bellashuvlarda bokschilarimizga g‘alaba tilaymiz!
Fikrlar