
Mavsum boshida vodiyning 3 klubi 1 ta stadionda o‘ynaydi
Bugun “Sport” telekanali jonli efirida Superliganing yangi mavsumiga qur’a tashlanadi. Unda jamoalar "Berger" tizimi asosida o‘z raqiblarini bilib oladi.
O‘zPFL 2021 yil davomida Superliga klublarni stadion yoritish tizimini yaxshilashga chaqirib keldik. Xususan, o‘tgan mavsum yozning uch oyida “Qo‘qon-1912”, “Surxon”, “Mash’al” va “Andijon” jamoalari uy uchrashuvlarini boshqa stadionda o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Endilikda “Surxon” stadioni talab darajasiga kelguniga qadar klub o‘z uy uchrashuvlarini Samarqanddagi “Dinamo” stadionida o‘tkazadi. “Qo‘qon-1912” esa Yaypandagi “O‘zbekiston” stadionida raqiblarini qabul qiladi.
“Neftchi” va “Olimpik” jamoalari stadionida ta’mirlash ishlari olib borilayotgani tufayli, ular mavsum startida uy o‘yinlarini boshqa arenalarda o‘tkazadi. “Neftchi” Yaypandagi “O‘zbekiston” stadionidan, “Olimpik” Toshkentdagi “Paxtakor” stadionidan foydalanib turadi.
Qur’a avvalida uy o‘yinlarini bir stadionda o‘tkazadigan klublar o‘zaro juftliklarga ajratib olinadi. Shu orqali bir tur doirasida mazkur jamoalarning biri safarda, ikkinchisi esa uyda o‘ynashi ta’minlanadi. Demak, qur’a avvalida quyidagi uch juftlik alohida ajratib olinadi: “Paxtakor” va “Olimpik”, “Dinamo” va “Surxon”, “Neftchi” va “Qo‘qon-1912”.
O‘zPFL matbuot xizmati
Fikrlar