
"Menga shartnomani uzaytirish haqida hech kim aytgani yo‘q" - "Navbahor"ni tark etgan o‘yinchi bilan samolyotdagi suhbat
“So‘g‘diyona” transfer oynasi ochilgan paytdan foydalanib selektsiya ishlarini davom ettiryapti.
Xabaringiz bo‘lsa kerak, klub bir qator yangi o‘yinchilarni o‘z safiga qo‘shib oldi va shartnomalar imzoladi. Jamoa boshqalar qatori xorij yig‘inini o‘tkazish maqsadida Turkiyaning Antaliya shahriga yo‘l oldi.
Oldin saytimiz orqali xabar berganimizdek, o‘tgan mavsumni “Navbahor”da o‘tkazgan qanot yarim himoyachisi Stanislav Andreev 2023 yilda jizzaxliklar safida to‘p surishga qaror qildi. Tabiiyki, u ham “So‘g‘diyona” bilan Antaliya safariga ketdi. Taqdir taqozosi bilan Antaliyaga birga parvoz qildik. Natijada samolyotda Andreevni biroz suhbatga tortdik.
- Stanislav, avvalo “So‘g‘diyona” bilan shartnoma imzolaganingiz va klubning a’zosiga aylanganingiz bilan tabriklayman. Bu klubga ko‘chib o‘tishingizga asosan nima turtki bo‘ldi? Bu oldindan rejalashtirilganmidi yoki to‘satdan yuz berdimi?
- 2022 yilgi chempionat tugaganidan so‘ng “Navbahor” bilan shartnomam ham nihoyasiga etgandi. Menga shartnomani uzaytirish haqida hech kim aytgani yo‘q. Dekabr oyi boshida Yorqin Nazarov qo‘ng‘iroq qilib, agar xohlasam “So‘g‘diyona” jamoasiga qo‘shilishim mumkinligini aytib o‘tdi va kelishib oldik. Ortiqcha hech nima muhokama ham qilinmadi. So‘ng bu jamoaga keldim.
- “Navbahor”ni tark etishingizni yana qanday sabablari bor?
- Yana takrorlayman: shartnomam yakuniga etgani uchun uzaytirishni xohlashmadi. Shuning uchun jamoani tark etdim.
- “Navbahor” brend klub va medallar uchun kurashadi. Umuman, “So‘g‘diyona”ga o‘tib oldinga qadam tashladim, deb ayta olasizmi?
- Har bir mavsum yangi chaqiruv. “So‘g‘diyona” ham o‘tgan yili yaxshi natijalarni ko‘rsatdi. Ajoyib jamoa. OFK Kubogi o‘yinlarida ham yaxshi qatnashdi. Menimcha, bu oldinga tashlangan qadam.
- Siz uchun “So‘g‘diyona” yangi klub, yangi murabbiy va yangi futbolchilar. Muhit qanday?
- Hamma futbolchilarni yaxshi taniyman. Yangi jamoa, lekin tarkibni asosiy o‘yinchilari jamoada qolishgan. Hozir aytganimdek, barchasi menga tanish. Jamoadagi muxitga kelsak, a’lo darajada. Birinchi mashg‘ulotdanoq bir-birimizni tushunib qatnashdik. Klubda yoshi katta futbolchilar ham, yoshlar ham mavjud. Eng kattasi Jasur Hasanov va biz bir-birimizni yaxshi taniymiz.
- Siz faoliyatingizda yutuqlarga erishgansiz. “So‘g‘diyona”da ham nimadir yutishingizga ishonasizmi va bu borada klubning imkoniyati qanday?
- Mavsum boshida jamoalarning imkoniyatlari bir xil bo‘ladi. Yaxshi jamoa yig‘ilyapti va shunga yarasha qiziqarli o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. Kimni qanday o‘rinda bo‘lishini turnir jadvali ko‘rsatib beradi.
- Sizda legionerga aylanish imkoniyati ham bormidi?
- Albatta, har bir futbolchi o‘zini xorijning kuchli klublarida ko‘rishni xohlaydi. Hali futbol o‘ynashga vaqtim bor. Bu yilni “So‘g‘diyona”da o‘tkazay-chi, keyin ko‘ramiz, nima bo‘lishini.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar