
"Metallurg"ning qarshisida endi O‘zbekiston Kubogini yutgan "Andijon" yoxud Olmaliqda bizni qanday o‘yin kutmoqda?
Ma’lumki, O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritgan “Andijon” Superliganing 21-turini 19 oktyabr kuni Olmaliqda “Metallurg” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, “Metallurg”ning uy stadioni maydoni qayta yangilanishi bois bu yil nominal mezbon sifatida o‘z maydonidagi o‘yinlarda Olmaliqdagi OKMK stadionidan foydalanib kelmoqda.
Ushbu mavsumning birinchi davrasida “Andijon” hamda “Metallurg” jamoalarining “Bobur arena” stadionida 19095 nafar muxlis ko‘z o‘ngida bo‘lib o‘tgan o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgan. “Metallurg”dan Daler Sharipovning 68-daqiqada urgan goliga “Andijon” himoyachisi Vladimir Bubanya 75-daqiqada javob qaytargan.
“Metallurg” va “Andijon” klublari shu kunga qadar O‘zbekiston chempionatida jami 43 marotaba to‘qnash kelishgan. Shundan 18 tasida bekobodliklar g‘olib chiqishgan. “Andijon” hisobida 13 ta g‘alaba bor. Yana 12 ta bellashuvda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 70\62 bekobodliklar foydasiga.
Bu jamoalarning O‘zbekiston chempionatidagi dastlabki to‘qnashuvi 1998 yilning 8 iyun kuni sodir bo‘lgan. O‘shanda “Andijon” mezbonligidagi bellashuvda 2:1 hisobida g‘alaba qozonishgan.
Statistika shuni ko‘rsatyaptiki, “Andijon” “Metallurg” mezbonligidagi o‘yinlarning ikkitasida g‘alaba bilan qaytgan. 2007 yilning 14 aprel sanasidagi bahsda “Andijon” safarda 1:4 hisobida g‘alaba qozongan. Keyingisi 2019 yilning 11 avgust kuni yuz bergan. O‘shanda Aleksandr Xomyakov boshchiligidagi “Andijon” 0:2 natijasini qayd etgan.
Jamoalarning o‘zaro 44-uchrashuvi qanday natija bilan tugashini birgalikda kuzatamiz.
Fikrlar