
"Milan" Teo Ernandesga o‘rinbosar topib qo‘ydi
Italiyaning "Milan" klubi so‘nggi paytlarda Teo Ernandesni sotish ehtimoli kuchaygani sababli uning o‘rnini bosadigan futbolchi qidirmoqda. "Caught Offside" portalining ma’lumotiga ko‘ra, klub "Arsenal"ning ukrainalik himoyachisi Aleksandr Zinchenkoga jiddiy qiziqish bildirgan.
Manbaga ko‘ra, "Atletiko Madrid" Teo uchun taklifini 18–20 million evrogacha oshirgan. Shu sabab, uning ketishi tobora reallashmoqda. Bu holatda "Milan" Zinchenkoni asosiy chap qanot himoyachisi sifatida ko‘radi.
Aleksandr 2022 yildan buyon "Arsenal" safida harakat qilib keladi. U o‘tgan mavsum "kanonirlar" tarkibida 23 o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol va 1 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.
Bundan tashqari, milanliklar Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatidan so‘ng "Real Madrid" yarim himoyachisi Luka Modrich bilan ham shartnoma imzolashi kutilmoqda. Bu haqida jurnalist va insayder Fabritsio Romano xabar qilgan edi.
Fikrlar