
"Muradov Professional League" turnirida Humoyun To‘xtamurodov qanday raqibga qarshi jang qiladi?
5 dekabr kuni Andijon shahrida "Muradov Professional League"ning ikkinchi turniri tashkil etiladi.
Mazkur jang kechasining asosiy jangida Shohasan Mirzamatov braziliyalik Tiago Oliveyraga qarshi oktagonga ko‘tariladi.
Shuningdek, karddan yana bir qator qiziqarli janglar o‘rin olgan. Jumladan, 65.8 kg vazn toifasida hamyurtimiz Humoyun To‘xtamurodov qozog‘istonlik Nurgali Mambetalievga qarshi bahs yuritadi.
Biz ushbu qarama-qarshilik borasida biroz to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
Nurgali Mambetaliev...
Bilamizki, Qozog‘istonda aralash jang san’atlari ancha yaxshi rivojlangan va bir kancha yillardan buyon bu yurtda qator turnirlar tashkil qilinib keladi. Ko‘plab promoushenlar faoliyat yuritadi. Misol uchun, “Alash Pride”, “Oktagon” NFC kabi promoushenlar anchagina nufuzli turnirlar o‘tkazib kelmoqda.
Hozirda, Shavkat Rahmonov, Jalgas Jumagulov, Sergey Morozov kabilar UFCda faoliyat olib boradi. O‘z vaqtida Kuat Xamitov, Arman Aspanov, Qayrat Ahmedov ham turli promoushenlarda yaxshi natijalar qayd etgan. Demoqchimanki, Qozog‘istonda Markaziy Osiyo miqiyosini oladigan bo‘lsak, ushbu yo‘nalish anchagina rivojlangan. Shu nuqtai nazardan, ushbu yurtdan tashrif buyurgan jangchilar yaxshigina saviyaga ega bo‘ladi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Nurgali Mambetaliev ham o‘ziga xos mahoratga ega sportchi hisoblanadi. Rasmiy ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratsak (agar, yangilanmagan bo‘lsa), professional faoliyati mobaynida 2 ta jang o‘tkazgan va har ikkisida g‘alaba qozongan. Har ikkisini ham muddatidan avval yakunlagan. Bittasida raqibini sabmishen evaziga mag‘lub etgan bo‘lsa, yana birida nokaut bilan muvaffaqiyatga erishgan.
Mambetalievning kuchli jihati deya, kurash va greplingini aytish mumkin. Bo‘yi 175 sm.
Humoyun To‘xtamurodov...
Hamyurtimiz professional faoliyatida 5-jangini o‘tkazmoqda. Garchi, ba’zi ko‘rsatkichlarni e’lon qilib boruvchi saytlarda rekordi boshqacha tarzda e’tirof etilgan bo‘lsa-da, yurtdoshimizning fikriga ko‘ra, ushbu natijada adashmovchilik yuz bergan. Aslida, rekordi 3-1 ko‘rinish olgan.
To‘xtamurodovning kuchli jihati “stoyka” deb bemalol ayta olamiz. Janglarini kuzata turib, uning uzun qo‘llari va oyoqdagi kuchli zarbalari raqiblarini qiyin holatga tushirib qo‘yganligiga guvoh bo‘lganmiz.
Tom ma’noda uslublar qarama-qarshiligini ko‘rishimiz mumkin. Albatta, jang mobaynida raqib ko‘proq “teyk-daun”larni amalga oshishga harakat qilishi turgan gap. Biroq, To‘xtamurodovda bu borada ham himoya yomon emas. Bo‘y borasida ham 8 sm ustunlik hamyurtimiz tomonida.
Shuningdek, raqib asosan havaskor turnirlarda engil vazn (70.3 kg) va yarim o‘rta vazn (77.1 kg) toifasida jang olib borgan. Mazkur jang yarim engil vazn (65.8 kg) toifasida o‘tkaziladi.
Garchi, bu nisbiy tushuncha bo‘lsa-da, yurtdoshimizning bo‘y jihatdan ustunligi, qolaversa o‘zining vazn toifasida oktagonga ko‘tarilishi, raqib esa anchagina vazn tashlashi kabi kichik ustunliklari bor. Qolaversa, o‘z yurtimizda oktagonga ko‘tarilishi ham qo‘shimcha kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
Eng asosiysi esa Humoyun To‘xtamurodov iste’dodli vakillarimizda biri va o‘ylaymizki, u mazkur jangda o‘zining eng chiroyli jangini o‘tkazib, g‘alaba qozongan holda barcha yurtimiz MMA ixlosmandlarini xursand qiladi.
Bu borada unga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!
Fikrlar