Muxlis Portugaliya va Nigeriya oʻyini oldidan tribunada vafot etdi
Portugaliya terma jamoasining jahon chempionati oldidan o‘tkazgan so‘nggi nazorat uchrashuvi arafasida stadionda fojeali hodisa ro‘y berdi.
Diario de Leiria nashri yozishicha, Portugaliya va Nigeriya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin boshlanishidan bir necha daqiqa oldin tribuna’da o‘tirgan 77 yoshli muxlisning yuragi to‘xtab qolgan.
Hodisa Leyriya shahridagi stadionda sodir bo‘lgan. Tez tibbiy yordam xodimlari jabrlanuvchini shoshilinch ravishda mahalliy kasalxonaga yetkazgan. Shifokorlar bir necha bor reanimatsiya tadbirlarini o‘tkazishgan, ammo ularning sa’y-harakatlariga qaramay, erkakning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmagan. Kasalxonada uning o‘limi rasmiy qayd etilgan.
Shu kuni Portugaliya terma jamoasi jahon chempionati oldidan o‘tkazgan so‘nggi o‘rtoqlik o‘yinida Nigeriya ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Jahon chempionatida Roberto Martinez boshqaruvidagi Portugaliya terma jamoasi K guruhida Kolumbiya, O‘zbekiston va DR Kongo terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.

Fikrlar