
"Napoli"ga qarshi asosiy tarkibdan joy olgan Eldor Shomurodov qanday natija qayd etdi?
Italiya A Seriyasining navbatdagi bahsida "Roma" "Napoli" bilan kuch sinashib, so‘nggi daqiqalardagi gol evaziga durangga imzo chekdi.
Mazkur uchrashuvda milliy terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov o‘yinning ilk daqiqalarida maydonga tushdi. To‘qnashuvning 80-daqiqasida esa Shomurodov o‘z joyini Paulo Dibalaga bo‘shatib berdi. Taniqli "Sofascore" portali 80 daqiqa harakat qilgan hamyurtimizning harakatlarini o‘rtacha 6.6 ball deb baholadi.
29 yoshli hujumchimiz ushbu bahs davomida 29 bora to‘pga teginib, 21 marta sheriklarini to‘p bilan ta’minladi. Bu uzatmalarning 76 foizi jamoadoshlari tomon aniq bordi (16/21). Bularning faqatgina bittasi esa o‘tkir tus olib, xavfli vaziyat yaratilishiga zamin yaratdi!
"Napoli" himoyachilari yaxshi harakat qilishgan bahsda futbolchimiz darvoza tomon umuman zarba bera olmadi. Shunday bo‘lsa ham Eldor pozitsion kurashlarda va ikkinchi qavatdagi ko‘plab duellarda g‘olib bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi (3/1 va 6/3).
Ma’lumot o‘rnida, Klaudio Raneri boshchiligidagi rimliklar navbatdagi uchrashuvini 5 fevral kuni "Milan"ga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar