
"Nasaf" o‘z safiga yangi futbolchilarni qo‘shib olmoqda. Jamoaga qo‘yilgan transfer taqiqi hal etildimi?
Xabaringiz bor, 2020 yil “Nasaf” jamoasining Turkiyada bo‘lib o‘tgan mavsum oldi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga frantsiyalik futbolchi Abdelae Diakite kelib qo‘shilgandi. Futbolchining o‘yin uslubi jamoa murabbiylarini qoniqtirmaganligi sababli futbolchiga javob berilgan edi. 2021 yilda futbolchi “Nasaf” klubi ustidan FIFAga arz qilgan.
FIFA "Nasaf"ga transfer taqiqi belgiladi
2021 yilning 7 oktyabr kuni FIFA Nizolarni hal etish palatasi “Nasaf” futbol klubi va frantsiyalik futbolchi Abdelae Diakite o‘rtasidagi nizoli vaziyat yuzasidan qaror chiqargan. Unda ko‘rsatilishicha, “Nasaf” futbolchi bilan tuzilgan shartnoma shartlarini bajarmagan.
Shu sababli futbolchi FIFAga murojaat qilgan va yakunda FIFA “Nasaf” futbol klubi zimmasiga belgilangan qarzdorlik va jarima to‘lovlarini 45 kun mobaynida to‘lashi lozim ekani, agar mazkur majburiyatlar klub tomonidan o‘z vaqtida bajarilishi ta’minlanmasa, klubga nisbatan milliy va xalqaro miqiyosda yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha taqiq qo‘yilishi haqida ogohlantirish bergan.
FIFA O‘zbekistonning yana bir klubiga transfer taqiqi qo‘ydi
2021 yilning 9 dekabr kuni FIFA 45 kunlik muddat yakuniga etganini inobatga olib, “Nasaf”ga transfer taqiqi qo‘ygandi. Endi klub qishki transfer oynasi vaqtida yangi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olish uchun, mazkur nizoli vaziyatni hal etishi lozim edi.
2022 yilning 21 yanvarida esa “Nasaf” futbol klubi huquqshunoslari O‘zPFL xalqaro bo‘limi bilan hamkorlikda frantsiyalik futbolchi bilan yuzaga kelgan muammoni echish ustida muzokara olib borayotgani ma’lum qilindi.
Klub tomonidan berilgan bayonotda Diakite borasidagi muammo yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan rasmiy shaxslarga surishtiruv ishlari yakunlangandan so‘ng ularga tegishli chora ko‘rilishi aytildi.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay jamoa transferlarni e’lon qila boshladi. Bir necha yil "Navbahor" sharafini himoya qilgan Ivan Solovyov bilan mavsum oxirigacha bitim tuzildi. O‘tgan yili "Paxtakor" safida harakat qilgan Sharof Muhitdinov ham bir yillik shartnomaga qo‘l qo‘ydi. Bular yangi transferlar. Aftidan jamoa frantsiyalik futbolchi bilan bog‘liq vaziyatni hal qilgan ko‘rinadi. Har holda qarshiliklar yangi futbolchilarni o‘z safiga qo‘shib olmoqda. Agar vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargan bo‘lsa, unda klub bayonotida yozilganidek aybdorlar kim, ularga qanday jazo berildi? Xalq o‘z "qahramonlarini" bilishi kerak emasmi?
“Nasaf” "uyg‘onmoqda". Jamoa Diakite Abdelaye borasida FIFA bilan muzokara olib bormoqda. Aybdorlar jazolanadi
Yaqinda FIFA O‘zbekistonning yana bir klubi "Buxoro"ga ham transfer taqiqi qo‘llagandi. Klub sobiq futbolchisi turkmanistonlik Rahat Japarovga to‘lashi kerak bo‘lgan pulni bermagani uchun FIFA shunday qaror chiqargandi. PFL tomonidan taqdim etilgan ushbu xabarda bunday taqiq shuningdek, ayni paytda Qarshining “Nasaf” klubiga ham tatbiq etilgani, FIFA “Nasaf”ni frantsiyalik futbolchi bilan tuzilgan shartnoma shartlarini bajarmagan deb topib, ushbu jamoaga dekabr oyidan yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha taqiq qo‘yganini yozilgandi. Ammo bu masala qanday yakun topgan yoki ish qaysi jarayonda ekanligi ma’lum qilinmay, transferlar e’lon qilinyapti.
Xalqaro maydonda yurtimiz nomidan qatnashadigan jamoa tarkibni kuchaytirishi yaxshi. Lekin oldinda kattagina tashkilot qo‘ygan taqiq bir tomonga ko‘chmay turib (balki hal etilgandir), bunday ishlarni amalga oshirish ancha xavfli. Biz esa Osiyo Chempionlar ligasi o‘tish o‘yinida qatnashadigan "Nasaf" jamoasini oldidagi muammoli vaziyatga tezroq barham berishini xohlaymiz. FIFA o‘zimizning PFL emaski shartli ravishda kechirib yuboradigan. Mutasaddilardan ushbu holatga izoh kutib qolamiz!
Fikrlar