"Nasaf" prezidenti: Biz keyingi yil yanada kuchli bo‘lib qaytamiz. Chunki biz "Nasaf"miz, jamoamizga esa o‘xshashi yo‘q

  • 13.11.2022 00:14
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 2
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Bugun O‘zbekiston Superligasi yakuniga etdi. Toshkentning "Paxtakor" klubi o‘z tarixida 15 marta chempionlikni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, "Navbahor" kumush medallarga ega chiqdi. Qarshining "Nasaf" jamoasi esa 49 ochko bilan bronza medalini o‘ziniki qildi. Mavsum yakunlanganidan keyin "ajdarlar" prezidenti Shuxrat Aslanov Qarshi klubining muvaffaqiyatli mavsumi haqida gapirdi.

"2022 yilgi futbol mavsumi Qashqadaryo futboli uchun unutilmas va g‘alabali onlarga boy bo‘ldi.

Mavsum boshida sevimli jamoamiz “Nasaf” OChL pley-off bosqichida Abu Dabi jamoasi “Baniyas”ni mag‘lub etib, guruh bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Saudiya Arabistoni mezbonlik qilgan guruh bosqichi uchrashuvlarida ham “ajdarlar” yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi. Osiyoning nomdor jamoalari “As-Sadd” (Qatar), “Al Faysali” (Saudiya Arabistoni), “Al Vehdat” (Iordaniya) jamoalariga munosib qarshilik ko‘rsatib, jamoa o‘z tarixida birinchi bor pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Jamoamizning xalqaro arenalarda ko‘rsatgan ajoyib o‘yinlari natijasida O‘zbekiston jamoalari 2023-2024 yillarda 2+2 ko‘rinishda kvotaga ega bo‘ldi.

Xalqaro maydonda munosib ishtirok etgan yigitlarimiz O‘zbekiston Superligasi va O‘zbekiston Kubogi musobaqalarida ham barchamizni quvontirishdi. Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kubogi finalida sevimli jamoamiz “Navbahor”ni 2:1 hisobida taslim etib, o‘z tarixida uchinchi bor O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritdi va 2023 OChL guruh bosqichini kafolatladi. Jamoa Superliganing so‘nggi turigacha chempionlik uchun kurashdi va yakunda o‘n birinchi bor bronza medallariga ega chiqdi.

Srechko Katanets bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasiga ham “Nasaf” jamoasining 8 nafar futbolchisi taklif qilindi. Taklif etilganlar orasida yana 2 nafar “Nasaf” futbol maktabi tarbiyalanuvchilari borligi bizni quvontiradi. Bundan tashqari boshqa yosh toifasidagi terma jamoalarga ham “Nasaf” va “Sevinch” tarbiyalanuvchilari jalb etilmoqda. Shuning o‘zi ham biz to‘g‘ri yo‘lda ekanligimizdan dalolatdir.

“Sevinch” ayollar jamoasi ham qisqa tanaffusdan so‘ng o‘z “taxt”iga qaytdi. Qizlarimiz ayollar chempionatida chempionlikni va O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritib, oltin “dubl” qayd etishdi. Ular ham keyingi mavsumda ayollar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan Osiyo Chempionlar Ligasi musobaqasida ishtirok etadigan bo‘lishdi.

Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi katta futbol musobaqalaridagi to‘rtta kubokning uchtasi Qarshiga keltirildi. Bu viloyatimiz futboli uchun katta yutuq deyish mumkin.

Qo‘lga kiritilgan yutuqlar uchun “Nasaf hamda "Sevinch” jamoalari murabbiylari va futbolchilariga, bu ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritishda amaliy yordam bergan Qashqadaryo viloyati hokimligi va “O‘zbekneftgaz” AJ rahbariyatiga o‘z tashakkurimni izhor etaman.

Ishonamanki, biz birgalikda bundanda yuqori natijalarga erishamiz. Biz yangi mavsumda yanada kuchli bo‘lib qaytamiz. Chunki biz “Nasaf”miz. “Nasaf”ga esa o‘xshashi yo‘q!", - deydi klub prezidenti.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Турсунов Рамазон
13/11/2022 11:08
Насаф чемпен сабаби юкоридан босим булмаганида чемпиен булларди кубикни олгандан кейин канака уйнаганини курдизла Пахтакорни чемпиен килиш учун босим булмаганда уйин бошкача буларди уйинчилани кайфиятидан билса булади.Осие чемпиенлар лигасига курамиз Пахтакорни ахволини шу сабабли Узбекистонда футбол ривожланмайди. Эсиз Узбек футболи качонгача шундай давом этади хакикат качон карор топаркин.
Javli Ruzimuradov
13/11/2022 07:23
Насаф рахбариятига,уйинчиларига,мурабийларига ва барча ишкибозларига Рахмат.Ажойиб футбол учун.