"Navbahor"ni yana bir legioner tark etdi
Mavsumlar oralig‘idagi tanaffus paytida har bir jamoa tarkibida o‘zgarishlar bo‘lishi tabiiy. Albatta, “Navbahor” ham bundan mustasno emas.
Kecha “lochinlar” safini 3 nafar futbolchi tark etganligi borasida xabar bergandik va ularning ikkisi legioner edi.
“Navbahor” matbuot xizmatining tarqatgan xabariga ko‘ra, bugun klub hamda futbolchi o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuvga asosan braziliyalik 27 yoshli yarim himoyachi Kosta Tenorio Guttiner ham jamoani tark etdi.
“Navbahor” tarkibiga yozgi transfer paytida qo‘shilgan Guttiner jamoa safida 13 ta o‘yinda maydonga tushib, 463 daqiqa harakat qildi va bitta golga mualliflik qilgan holda, yana bitta golga “pas” berdi.
Ta’kidlash joizki, Coca Cola Superligasining 16-turidan o‘rin olgan “Nasaf” – “Navbahor” uchrashuvida aynan braziliyalik yarim himoyachining yagona goli evaziga “lochinlar” Qarshidan g‘alaba bilan qaytishgandi.

Fikrlar