"Navbahor"ning "Baltika"ga qarshi oʻyini oʻtkazilmadi, "Aktobe" esa soʻnggi daqiqada Kapadze jamoasini yengdi
“Navbahor” klubi matbuot xizmatining yozishicha, Turkiyadagi oʻquv-mashgʻulot yigʻini doirasidagi navbatdagi xalqaro oʻrtoqlik bahslarini bugun Rossiyaning “Baltika” (Baltika) va Qozogʻistonning “Aktobe” (Aktobe) jamoalariga qarshi oʻtkazishni rejalashtirgandi.
Rossiyaliklar bilan boʻladigan uchrashuv noqulay ob-havo hamda maydon sifatsiz holatga kelganligi bois, qoldirildi.
Qozogʻistonliklarga qarshi kechadigan bellashuv esa oʻtkazildi. Mazkur oʻyinda "Navbahor" bosh murabbiyi Timur Kapadze maydonga quyidagi futbolchilarni tushirdi: Oʻtkir Yusupov, Anri Chichinadze, Umar Adhamzoda, Quvondiq Roʻziev, Shohmalik Komilov, Shohruh Abdurahmonov, Abbosjon Gʻulomov, Vanya Ilich, Ruslanbek Jiyanov va koʻrikdagi yana 2 nafar futbolchi.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Muhammadali Usmonov, Zafarbek Rahimjonov hamda koʻrikdagi futbolchi.
Ushbu uchrashuvda “Aktobe” bellashuvning soʻnggi, yaʼni, 90-daqiqasida zaxiradan maydonga tushirilgan yarim himoyachi Ayan Baydeulatovning goli evaziga 1:0 hisobida gʻalaba qozondi.
“Lochinlar” Turkiya yigʻini doirasidagi soʻnggi oʻyinni 16 fevral kuni Gruziyaning sovrindor jamoalaridan biri boʻlgan “Dinamo” (Tbilisi)ga qarshi oʻtkazishadi.
Fikrlar