Nima uchun xorijda o‘zbek murabbiylariga talab yo‘q?
Davron Fayziev – bu futbolimizdagi taniqli nomlardan biri desak aslo mubolag‘a qilmaymiz. Jizzax futboli tarbiyalanuvchisi hisoblangan Davron o‘z vaqtida kuchli futbolchilarimizdan biri bo‘lgandi. U milliy terma jamoamizning ham ishonchli himoyachisi sanalardi. Hozirgi kunda murabbiylik bilan shug‘ullanayotgan Fayziev hayotda ko‘p narsalarni ko‘rdi. O‘z vaqtida Rossiyaning etakchi klublaridan biri – TsSKA safida ham to‘p surganini yoshi ulug‘ muxlislarimiz yaxshi bilishadi. Hozirgi kunda murabbiylik bilan shug‘ullanib, “Dinamo”ni boshqarib kelayotgan mutaxassis bilan ko‘plab qiziqarli mavzularda suhbatlashish mumkin. Chunki yuqorida aytganimizdek, u ham futbolda ko‘pni ko‘rgan. Shu sababli kuni kecha Davron Oripovich bilan uchrashdik va bir qator qiziqarli mavzularda suhbatlashdik. Aytish mumkinki, Fayziev bir qator masalalada ochiq va dangal gapirdi va shu bilan birga o‘tmishini ham eslab o‘tdik.
Tajribali mutaxassis suhbat davomida o‘zbekistonlik murabbiylarning nega xorijda ishlamasligi borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi.
- Nima uchun xorijda o‘zbek murabbiylariga talab yo‘q? Siz bu masalaga nima deb javob bergan bo‘lardingiz?
- Faqat bizda deb gapirmang, chunki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston murabbiylari ham xorijda ishlashmayapti. Faqat men bilganlardan Qurbon Berdiev Rossiyada ishlab kelyapti. Darvoqe, Rashid Rahimov ham bor. Ular sobiq Ittifoq davrida Rossiyaga ko‘chib ketishgan. Biz murabbiylar uchun ham agent va skautlar tizimi kerak. Futbolchilar doimiy ravishda agentlar bilan ishlashadi. Qaysidir o‘yinchi klubga kerak bo‘lsa, faqat agenti bilan gaplashishadi. Bizda ham murabbiylarga agent zarur va buni tashkil qilish lozim. Buni oddiy qilib reklama desak ham bo‘laveradi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda murabbiylarning eng katta xatolaridan biri – bu til bilmaslik. O‘zbek, rus va kerak bo‘lsa tojik tilini bilamiz. Qozoqchani ham tushunarmiz. Biroq ingliz tilini o‘rganishda muammoimiz bor. Lekin sizga tarjimon yollab ish berishsa, bemalol ishlay olamiz. Murabbiy uchun birinchi o‘rinda sharoit bo‘lishi kerak. Lekin har doim bizning murabbiylarda sharoit zo‘r bo‘lgan deb ayta olmayman. Doim imkoniyatdan kelib chiqqan holda ishlashadi. Har bir viloyatning o‘ziga yarasha ichki imkoniyatlari bo‘ladi.
Suhbatning to‘liq matnini tez orada saytimizda o‘qiysiz.



Fikrlar