
Nimelini "Dinamo" (Maxachkala)da eng avvalo kim ko‘rishni istayotganini, Termiz jamoasida yana yangi legioner borligini va "Surxon" qachon uyiga qaytishini bilasizmi?
Birinchi davrani 9-o‘rinda yakunlagan Termizning “Surxon” klubi ham boshqalar qatori ikkinchi davraga tayyorgarligini reja asosida davom ettirmoqda. Kuni kecha jamoaning Qibrayda “Olimpik”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini kuzatish uchun bordik va u erda “Surxon”ga oid bir qator yangiliklardan boxabar bo‘lib qaytdik.
Silvanus Nimeli haqida eng oxirgi ma’lumotlar
Liberiyalik legioner taqdiri unga befarq bo‘lmagan ko‘pchilikni qiziqtirayotgani rost. O‘tgan yili chempionatimizda debyutini o‘tkazgan ushbu hujumchi “Surxon” safida Superligada 26 ta o‘yinda 12 ta gol urdi. Kubok bahslarida esa 4 ta o‘yinda hisobiga 1 ta gol yozdirib qo‘ydi. Ammo bu yil vaziyat o‘tgan yilgidek emas. Nimeli birinchi davrada faqat 4 ta o‘yinda qatnashdi xolos. O‘zbekiston Kubogida esa 1 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi va 1 ta assist qildi.
Nimelini Maxachkalaning “Dinamo”sida kutishayotgani haqiqat. Hozirda u rasman “Surxon”ni tark etgani yo‘q. Boisi shundaki, u Rossiyaga viza orqali kirishi uchun uning pasportining muddati 6 oydan kam bo‘lmasligi lozim. Lekin Silvanusning pasportining amal qilish muddati 2025 yiling 14 yanvar kuni tugaydi. Shu sababli futbolchi ayni vaqtda Liberiyaga onlayn yangi pasport uchun ariza topshirgan va yangi pasporti kelishini kutyapti. Shundan so‘ng legioner yangi klubiga ketishi kutilyapti. Albatta, ungacha futbolchining fikri o‘zgarib qolmasa.
Nimeliga rasmiy va aniq taklif “Dinamo” (Maxachkala)dan bo‘ldi. Uning agenti Djamal Akaev mijoziga ushbu taklif haqida aytgan va bu futbolchini ham qoniqtirgan. Qolgan barcha takliflar shunchaki quruq gap-so‘zdan boshqa narsa emas. Ya’ni, Nimeliga rasmiy taklif faqat “Dinamo”dan keldi.
Yana bir gap: Nimelini “Dinamo” (Maxachkala)da eng avvalo kim ko‘rishni istayotganini bilasizmi? Klub prezidenti Gadji Muslimovich Gadjievning shaxsan o‘zi Nimelini jamoasida ko‘rmoqchi. Bundan tashqari, Nimeli “Dinamo” klubi bosh direktori Shamil Gazizovga va’da bergani haqida ham eshitdik. Ular ilgari “Spartak”da birga ishlashgan. Aynan shu erida Silvanus bilan bog‘liq vaziyatni yopamiz. Chunki qolganini vaqt ko‘rsatadi va futbolchining o‘zi ham kutish bilan band.
“Surxon”ga kimlar keldi va kimlar ketdi?
Eng avvalo Farruh Ikromov. “Dinamo”ni tark etgan futbolchi ikkinchi davrani “Surxon”da o‘tkazadi. Ikkala tomon kelishishdi va shartnoma imzolashdi. Shuningdek, jamoaga rossiyalik Jamaldin Xodjaniyazov qo‘shilgan. 1996 yilda tavallud topgan legioner oxirgi ikki mavsumni Tolyattining “Akron” klubida o‘tkazdi. Bundan tashqari, Temirlan Jamalutdinov ham yana “Surxon”da. Rossiyalik yarim himoyachi o‘tgan yili termizliklar sharafini himoya qildi. Keyin jarohat bois yordam bera olmagandi. Ayni paytda Jamalutdinov ham “Surxon” mashg‘ulotlarida ishtirok etyapti.
Jamoani hozircha 4 nafar o‘yinchi tark etishga ulgurdi. Bular – Ulug‘bek Hoshimov, Aziz Pirmuhammedov, Shoxjahon Sultonmurodov va Anvar Anvarjonov. Ularning safi kengayadimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi.
“Surxon” bu yil nihoyat Termizga qaytadi
Birinchi davrada uy o‘yinlarini “Paxtakor” markaziy stadionida o‘tkazib turgan “Surxon” endi ikkinchi davrada Samarqanddagi “Dinamo” stadionidan foydalanadi. Termizdagi stadionda ta’mirlash ishlarining oxirgi bosqichi olib borilayotganini hisobga olsak, jamoaning sarson bo‘lib yurayotgan paytlari ham tugab bormoqda. Bizga ma’lum bo‘lishicha, “Surxon” oktyabr oyida uy o‘yinlarini Termizdagi stadionda o‘tkazadi. Ungacha arenani to‘la-to‘kis foydalanishga shay qilib qo‘yishlari kutilmoqda. Demak, “Surxon” o‘zining jonajon muxlislari ko‘z o‘ngida o‘z o‘yinlarini o‘tkazishiga ko‘p vaqt qolmadi.
Jamoa o‘z muammolarini engib o‘tayotgani e’tiborga molik. Masalan, O‘zPFL rasman “Surxon”ning oldingi yillardagi qarzdorlik uchun 43 nafar sobiq futbolchi, murabbiy va xodimlardan qarzdorliklar bartaraf etilganini e’lon qildi. Bu yoqda esa Termizdagi arena tayyor holatga keltirilmoqda. “Surxon” muxlislari uchun bu albatta yaxshi xabar.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar