Oʻzbekistonga butun Qozogʻiston qaygʻurdi
Qozog‘iston terma jamoasi va "Aktobe" klubining sobiq darvozaboni Almat Bekbaev futbol bo‘yicha jahon chempionatida Kolumbiyaga qarshi o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi ko‘rsatgan natija haqida fikr bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi uchun musobaqadagi ilk o‘yin 1:3 hisobida yakunlandi. Shu o‘yinda Abbosbek Fayzullaev jamoa tarkibida jahon chempionatlaridagi birinchi gol muallifiga aylandi.
- Bu o‘yinni butun Qozog‘iston O‘zbekiston terma jamoasi uchun qayg‘urib tomosha qildi, ammo tajribali raqib — Kolumbiya kutilganidek uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Rostini aytsam, bunday natijani oldindan taxmin qilish mumkin edi.
Turnirni yangi sahifadan boshlagan O‘zbekistonning darhol jahon chempionatlarida katta tajribaga ega Kolumbiyani yengib ketishi qiyin edi. Ehtimol, Kongo Demokratik Respublikasi bilan o‘yinda ochko olish imkoniyati bor va shu orqali guruhdan uchinchi o‘rin bilan chiqish mumkin.
Chunki Portugaliya futbolchilari kutilmaganda Kongo bilan durangdan so‘ng guruh bahslarida yana ochko yo‘qotishiga ishonish qiyin, — deya ta’kidladi Almat Bekbaev.
Fabio Kannavaro shogirdlarining navbatdagi uchrashuvi 23 iyun kuni Portugaliyaga qarshi bo‘ladi.

Fikrlar