
Odil Ahmedovni Rossiyada kutishyapti!
Evropa futbolini yoritishga ixtisoslashgan www.euro-football.ru sayti qishki transferlar vaqtida Rossiya chempionatiga qaytarilgan Kvinsi Promes va Salomon Rondondan keyin yana rus klublarini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan , ayni paytda jamoasiz hisoblangan bir necha mashhur futbolchilar ro‘yxatini tuzib chiqdi.
Niderlandiyalik yarim himoyasi Promes “Spartak”dagi ikkinchi uchrashuvdayoq gol urdi. Xuddi shu natijani venesuelalik hujumchi Rondon TsSKAda ko‘rsatdi.
Sayt ijodkorlari o‘z vaqtida Rossiya futbolida yuqori darajada o‘ynagan va hozir jamoasiz yurgan legionerlar ro‘yxatiga nigeriyalik Ahmad Mussa, yaponiyalik Keysuke Xonda, senegallik Umar Niasse, braziliyalik Fernando va Jiuliano, argentinalik Esekiel Garay, o‘zbekistonlik Odil Ahmedovni kiritgan.
Evrofutbol sayti mutaxassislari Odil Ahmedrvga quyidagicha ta’rif berdi:
Xitoy futbolining yana bir “asiri”. O‘zbekistonlik tayanch yarim himoyachisi “Anji” va “Krasnodar”da o‘ynagan davrida o‘zini eng yaxshi jihatlarini ko‘rsata olgan. U Rossiyada 150 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushgan va eng ishonchli futbolchilardan biri sifatida e’tirof etilgan.
Odil Ahmedov Xitoyda ham “Shanxay SIPG” jamoasida braziliyalik yulduzlar Xalk va Oskar bilan birga zo‘r o‘yin ko‘rsatdi. U erda o‘zbek legioneri boshlang‘ich tarkibning asosiy figuralaridan biri bo‘ldi.
“Tyantszin Teda”ga qisqa muddatga ijaraga yuborilgan Odil Ahmedov Xitoy futbolidagi islohotlar ortidan erkin agent maqomini olgan ko‘p sonli legionerlardan biriga aylandi. Shunisi aniqki, endi xitoyliklar bu futbolchi uchun ham katta maosh to‘lay olmaydi, O‘zbekiston klublarining ham imkoniyati cheklangan, shu bois, Ahmedov ham Rossiyaga qaytish haqida o‘ylab ko‘rishida mantiq yo‘q emas.
Odil Ahmedov 2006-2011 yillari “Paxtakor” sharafini himoya qilib, milliy chempionatimizda 102 ta uchrashuvda 16 ta gol urgan. Iste’dodli yarim himoyachimiz 2011 yilda superklubga aylantirilgan "Anji" taklifini qabul qildi va Roberto Karlos, Jusileyda Silva, Samyuel Eto’o, Diego Tardelli, Mbarak Busuffa kabi yulduz futbolchilar bilan birga o‘ynadi.
Odil “Anji” tarkibida premer-liga bahslarida 86 ta uchrashuvda usta gol urdi. Rossiya chempionati bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Keyin “Krasnodar” ko‘chib o‘tgan legionerimiz ikki yil davomida 67 ta o‘yinda qatnashdi va raqiblar darvozasini besh marotaba aniq nishonga oldi. Bu klub tarkibida ham hamyurtimiz Rossiya chempionati sorvindori bo‘ldi.
Odil 2017 yili Xitoyning “Shanxay SIPG” jamoasiga transfer qilindi. Xalk va Oskar kabi yulduzlarni ham jalb etgan bu klub 2018 yili Xitoy chempioni bo‘ldi. Odil Ahmedov shanxayliklar tarkibida 64 ta o‘yinda 9 ta gol urdi. O‘tgan yili o‘zbek yarim himoyachisi “Tyantszin Teda”ga ijaraga berildi va bu jamoani Xitoy Superligasida jon saqlab qolishiga yordam berdi.
Odil Ahmedov O‘zbekiston milliy terma jamoasining sardori hisoblanadi. Namanganlik futbolchi bosh jamoa tarkibida 105 ta o‘yinda maydonga tushib, 20 ta gol urgan.
Odil Ahmedov ayni paytda jamoasiz. Unga turli chempionatlardan qiziqish bo‘layotgani aniq. Futbolchi o‘z faoliyatini “Navbahor”da yakunlashni orzu qilishini ilgari jurnalistlarga aytgan edi. Hozircha, yuqori saviyada o‘ynashga qodir futbolchimiz o‘ziga yangi jamoa topishi kerak.
Fikrlar