"Olimpik" - "Metallurg" o‘yini nega boshqa stadionga ko‘chirildi? Yutolmayotgan bekobodliklar uchun bu yaxshimi yoki...

  • 10 sentabr, 2024, 08:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Avvalroq “Paxtakor” Elit Chempionlar ligasi doirasidagi uy uchrashuvlarini “Jar” stadionida o‘tkazishi haqida ma’lumot berilgandi. Mazkur musobaqaning ilk turida “Paxtakor” “Al Vasl” klubini qabul qiladi. Bellashuv 17 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Tecno

Shundan kelib chiqib, Superliga 18-turidan o‘rin olgan “Olimpik” — “Metallurg” uchrashuvi Assotsiatsiya bilan kelishuv asosida 16 sentyabr kuni “Do‘stlik” stadionida o‘tkaziladi. U21 jamoalari ishtirokidagi o‘yin esa 18 sentyabr sanasida “Jar” yordamchi maydonida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan”, - deya xabar bermoqda O‘zPFL matbuot xizmati.

Aytish mumkinki, “Metallurg” klubi shundoq ham o‘z uyida o‘ynay olmayapti. Bilasiz, mezbon sifatida Olmaliqdagi arenadan foydalanib kelmoqda. “Olimpik” bilan uchrashuvning “Do‘stlik” stadioniga ko‘chirilgani bekobodliklarga hech qanday qo‘shimcha ta’sir ko‘rsatmasa kerak. Boisi, klub har bir uchrashuvini boshqa arenalarda o‘tkazyapti. Ya’ni, o‘z maydonidan tashqari bo‘lgan arenalarda to‘p surishga ham ko‘nikib qoldi. 

“Metallurg” Superligada g‘alaba qozona olmay kelayotgan yagona klub bo‘lib qolmoqda. Ikkinchi davra oldidan jamoada ro‘y bergan o‘zgarishlarga qaramasdan jamoa hamon yutolmayapti. O‘z navbatida “Olimpik”da ham yangi bosh murabbiy ish boshlagan. Denis Korostichenko boshchiligida yosh “olimpik”chilar yomon ko‘rinishmayapti.

Stadion o‘zgarishi mezbon hisoblangan “Olimpik” klubiga ham u qadar ta’sir ko‘rsatmaydi. Yosh jamoa har qanday maydonda o‘zini erkin his qiladi va bosimsiz o‘ynaydi. O‘yinning “Do‘stlik” stadioniga ko‘chirilgani qaysi klubga omad keltirarkin? “Metallurg”ning g‘alabasiz kelayotganini hisobga olsak, bu safar ular uchun durang ham endi mag‘lubiyatga teng desak mubolag‘a bo‘lmaydi. “Olimpik” klubiga nisbatan “Metallurg”da bosim bor. Rosti, bu bellashuvni kuzatish ancha qiziq bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!