"Olimpik"ni yosh jamoa deb bo‘lmaydi, Baxtiyor A’zamovich juda g‘azabda edi" - Ashurmatov o‘rniga matbuot anjumanida qatnashgan Davron Fayzievdan fikrlar

  • 9 mart, 2022, 21:28
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Qo‘qon-1912” – “Olimpik” (1:0) o‘rtasidagi uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar murabbiyi Davron Fayziev  jurnalistlarning savollariga javob berdi.

Tecno

- Avvalambor, o‘tib ketgan bayram bilan yana bir bor O‘zbekistondagi barcha onalarimiz, opa-singil, ayollarni tabriklaymiz. Bugungi o‘yindagi g‘alabamiz qo‘qonlik muxlisa ayollarimizga bayram sovg‘asi. O‘yin juda qiziqarli bo‘lishi oldindan ma’lum edi. “Olimpik” Timur Kapadze boshchiligida juda yaxshi shakllangan. Ularning “Surxon” bilan o‘yinini tahlil qilganimizda shunga amin bo‘lgandikki, “Olimpik”ni yosh jamoa deb atab bo‘lmaydi. Balki tajriba bobida biroz oqsayotgandir, ammo o‘yinchilari kattalardek fikrlayapti va boshqa jabhalarda bizdan qolishmadi. Bu klubga omad tilayman.

Biz bu uchrashuvga reja bo‘yicha puxta tayyorgarlik ko‘rdik. “Neftchi” bilan o‘yindagi xatolarimiz ustida ishladik. O‘yindan oldin Baxtiyor A’zamovich bo‘yicha ikkita o‘yinga chetlatilgani yuzasidan xat keldi. Ammo sababi noma’lum. Faqat o‘yindan oldin eshitdik. Shuning uchun bu yutug‘imizni Baxtiyor A’zamovichga ham atagan bo‘lardik. Hammasi bosh murabbiyning ko‘rsatmasi asosida bo‘ldi. Maydonda ham faqat uning topshiriqlarini bajardik.

To‘g‘risini aytsam, Ashurmatov uchrashuvdan oldin juda asabiylashdi. Stadionga etib kelganimizda shu xabarni eshitdik va Baxtiyor A’zamovich g‘azabda edi. Agar shu xabarni ertaroq ma’lum qilishganida yaxshiroq bo‘lardi. Lekin nimaga bunday bo‘lgani hammamiz uchun qorong‘u.

Hamidillo Abduhamidov birinchi davrada bizga yordam bera olmaydi. Ikkinchi davrada safimizga qo‘shiladi. Bu futbolchiga katta umid bog‘laganmiz. Futbolda jarohatlar uning bir bo‘lagi hisoblanadi. Hamidillo har doim biz bilan birga.

Anvar Hojimirzaevni zaxiradan maydonga tushirib yana zaxiraga olganimiz bu taktik o‘zgarish bilan bog‘liq. Unda jarohat yo‘q. Faqat himoyani kuchaytirish uchun shunday qildik. Hammamiz bir oilamiz, barcha bir-birini to‘g‘ri tushunadi. Murabbiy futbolchidan yoki futbolchi murabbiydan xafa bo‘ladigan joyi yo‘q.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!