
Olti karra Rossiya chempioni bo‘lgan “paxtakorchi”: Fayzullaev menga o‘xshamaydi!
“Paxtakor”da futbolchi sifatida kamol topgan bir necha charm to‘p ustalari Rossiya chempionatlarida g‘olib chiqqan. Bundan futbolchilar qatoriga Andrey Pyatnitskiy, Valeriy Kechinov, Mirjalol Qosimovni qo‘shish mumkin.
Valeriy Kechinov “Paxtakor”da O‘zbekiston chempioni, birinchi milliy chempionatimizning ilk eng zo‘r to‘purari bo‘lgan futbolchi.
Valeriy Kechinov yangi avlod vakili – Abbos Fayzullaevning Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi tomonidan 2023 yilning eng yaxshi yosh futbolchisi nominatsiyada g‘oliblikka da’vogarlar ro‘yxatiga kiritilganiga munosabat bildirdi.
- Bu e’tirof Fayzullaev uchun avans ekanini hamma yaxshi anglab turibdi. Abbos TsSKAdagi ishtirokini zo‘r va juda yorqin boshladi.
Afsuski, uning milliy terma jamoadagi o‘yinlarini muntazam kuzata olmayman. Agar bizning klublarimiz hozir xalqaro maydondagi musobaqalarda ishtirok etganida Fayzullaevning imkoniyatlarini yanada yuqori baholanar edi.
Eng muhimi, chempionatimizdagi futbolchilarni xalqaro miqyosda e’tirof etishayotganining o‘zi ajoyib ish.
Abbosbek mahoratga ega salohiyati katta yigit. Agar o‘sishdan to‘xtab qolmasa, yaqin kelajakda jiddiy futbolchiga aylanadi.
Men bilan Fayzullaev o‘rtasida o‘xshashlik bormi? O‘xshash jihatlarni ko‘rmayapman. Biz boshqa-boshqa tipdagi futbolchilarmiz.
Men futbolchilik faoliyati davomida ko‘proq tezkor dribling bilan o‘tkir hujumda qatnashish va gol urishga ixtisoslashganman.
Fayzullaev esa, yaqqol pleymeyker, u jamoadoshlariga ko‘proq golli paslar uzatadi va maydonni juda yaxshi ko‘ra oladi, - dedi Valeriy Kachinov.
Valeriy Kechinov “Paxtakor”da o‘ynagan davrlarida 38 ta uchrashuvdao‘z hisobiga jami 30 ta gol yozdirib qo‘ydi. Mohir to‘purar 1993 yili “Paxtakor”dan Moskvaning “Spartak” klubiga ko‘chib o‘tgandi. 2000 yilgacha “spartakchilar” sharafini himoya qilgan hujumkor futbolchi olti marotaba Rossiya chempioni bo‘ldi.
Sobiq “paxtakorchi” moskvaliklar safida Rossiya kubogida ham g‘olib chiqqan va milliy chempionatda bir marta bronza medalga ega chiqqan.
Valeriy Kechinov mustaqillikning ilk yillari O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida uchta o‘yinda maydonga tushgan. Keyinchalik Rossiya milliy terma jamoasida faoliyat yuritishga qaror qildi.
Rossiya futbolida yorqin iz qoldirgan Kechinov faoliyati davomida “Saturn” va “Shinnik” jamoalarida ham to‘p tepib, butsalarini 2004 yili mixga ildi.
Fikrlar