"Oltin izlovchilar" oltinga munosibmi? Qizilga burkangan "Qizilqum" haqida

  • 4 iyun, 2022, 17:55
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada bunga qadar AGMK, “So‘g‘diyona” hamda “Navbahor” jamoalari haqida so‘z yuritdik. Endi navbat 4-pog‘onadagi “Qizilqum” klubiga etib keldi.

Tecno

Yuqoridagilardan farqli o‘laroq navoiyliklar barcha 11 ta turni to‘liq o‘tkazishga ulgurdi. Bilasiz, mavsum boshida ushbu jamoaga serbiyalik Nikola Lazarevich bosh murabbiy etib tayinlandi. Tarkib esa tajribali futbolchilar evaziga kuchaytirildi. Oleg Zoteev, Temurxo‘ja Abduholiqov, Sanjar Shoahmedov, Shuhrat Muhammadiev, Bobur Yo‘ldoshev va bir qator legionerlar bilan shartnomalar imzolandi.

kizilkum1_6

Bu yil klub oldiga jiddiy maqsad qo‘yildi: sovrinli o‘rinlar uchun kurashish va O‘zbekiston Kubogida ham muvaffaqiyat qozonish! Xorijlik murabbiy shuning uchun olib kelindi va tarkib kuchaytirildi. Shunga yarasha “Qizilqum”ning natijalari avvaliga yaxshi ko‘rinish hosil qildi. Dastlabki beshta turda klub to‘rtta g‘alaba qozonib, bir bor durang o‘ynadi. Ularning chempionatni muvaffaqiyatli boshlashini har kim turlicha talqin qildi. Masalan, ikkinchi davradan natijalari pasayishni boshlaydi yoki mavsum oxirigacha barqarorligini saqlab qolishga qodir, degan fikrlar yangray boshladi.

5-turgacha maqtanishga arziydigan natijalarni ko‘rsatgan “Qizilqum” keyin biroz pastga sho‘ng‘ishni boshladi. 6-turda “Navbahor”ga yutqazdi. 7-turda Bekobodda 1:1 hisobida durang o‘ynagach, keyingi turda Olmaliqda “Qizilqum” mezbonligi ostida o‘tgan bellashuvda AGMKga 1:4 natijasida engildi. Ushbu yirik mag‘lubiyat jamoaga qattiq zarba bergan ko‘rinadi, 9-turdagi natija yanada yomonroq bo‘ldi. Qarshida “Nasaf”dan master-klass namoyish etildi va “Qizilqum” darvozasiga javobsiz 5 ta golni “mixlab” qo‘ydi.

kizilkum5

Klub Navoiydagi stadioni ta’mirlanayotgani sababli o‘z maydonidagi uchrashuvlarni boshqa klublarning maydonlarida o‘tkazib kelayotgandi. Shu bois “Qizilqum” ham asosan safarda o‘ynashga majbur bo‘lib keldi. 10-turga kelib Navoiydagi stadioniga qaytdi. 23 may kuni o‘tkazilgan bellashuvda “Qizilqum” o‘z maydonida “Surxon”ni qabul qilib 2:0 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi. Keyingi turda esa Qo‘qonda ham ishonchli o‘yin namoyish qilgan navoiyliklar safardan 1:3 hisobidagi g‘alaba bilan qaytishdi. Shunday qilib, “Qizilqum” ham to‘plagan ochkolarini 20 taga etkazib, turnir jadvalida AGMK, “So‘g‘diyona” va “Navbahor” bilan bir qatorda. Faqat ulardan bir o‘yin ko‘p  o‘tkazgan.

Ko‘rib turibsizki, Lazarevich jamoasida ko‘tarilish va pasayishlar uchrab turibdi. Yuzaga kelgan kichik inqirozdan so‘ng klub yana g‘alabalarni boshlagandi, ammo shu paytda chempionatda tanaffus bo‘lib qoldi. Serbiyalik mutaxassis ham yaqinda Sports.uz saytiga bergan intervyusida jamoasidagi inqiroz allaqachon ortda qolganini aytgandi. Bunga ketma-ket ikkita qo‘lga kiritilgan ishonchli g‘alabani misol keltirsak bo‘ladi.

kizilkum4

AGMK bilan “So‘g‘diyona” 18 ta gol urib bu borada eng yaxshi ko‘rsatkichlarga ega. Ulardan keyin “Qizilqum” jamoasi bor. Ular 11 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 17 ta to‘p kiritishdi. Lekin 4-o‘rinda borayotgan ushbu jamoa o‘z darvozasidan boshqalarga qaraganda ko‘proq gol o‘tkazdi. Ya’ni, 14 marta darvozasidan to‘p olib chiqishdi. Demak, 20 ochko jamg‘argan “Qizilqum”da himoyada ayrim ojiz nuqtalar bor va buni raqiblar payqab qolishgan. Shu bilan birga ushbu klub ochiq o‘yin ko‘rsatayotganini ham aytish kerak. Bunday pallada o‘zi ham gol uradi va raqibga ham gol urish imkoniyatini yaratib qo‘yadi. Hujum chizig‘ida golni yaxshi his qiladigan futbolchilar bor. Umuman olganda, klub safida ajoyib ijrochilar jamlangan. Faqat ayrim paytlarda himoyachilar va darvozabonlarning xatolari qimmatga tushdi. Masalan, “Qizilqum”ning ikkinchi posboni Javohir Ilyosovga “Nasaf” bilan o‘yinda o‘zini ko‘rsatish imkoniyati taqdim etildi. Biroq u bundan foydalana olmadi. Natija o‘zingizga ma’lum, u o‘z darvozasidan 5 ta to‘pni olib chiqdi.

Darvoqe, Nikola Lazarevich shogirdlari O‘zbekiston Kubogida guruhda 2-o‘rin bilan keyingi bosqichga chiqdi. Klub uchun barchasi hali oldinda. Qizig‘i, ikkinchi davrada “Qizilqum” qanday natija ko‘rsatarkin? Chunki oxirgi yillarda ushbu jamoaning ikkinchi davradagi natijalarida pasayish kuzatilayotgandi. Bu yil qanday bo‘ladi? Lazarevich ilk bor O‘zbekiston chempionatida ishlayapti va o‘zidan yaxshi taassurot qoldirishni u ham juda istayapti. “Qizilqum” sovrinli o‘rinlar uchun kurashda raqobat ko‘rsatishi tayin, ammo ham gap barqarorlikni qanchalik saqlab qolishiga bog‘liq. "Oltin izlovchilar" oltinga munosibmi? Buni mavsum yakunida bilamiz!  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!