
"Oltin to‘p" uchun asosiy da’vogar kim? (top-10)
SPORTS.uz bugun egasiga topshirilishi kutilayotgan sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan 10 futbolchining imkoniyatlari borasida fikr yuritadi.
10-o‘rin. Kevin de Bryuyne
2021/22 yilgi mavsumda qahramonimiz 3 gol va 2 assistni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. U qatorasiga 2 yildan beri turli sovrinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Afsuski, ortda qolgan Evropa chempionatida jarohati unga pand berdi. Aks holda, belgiyalik futbolchi kuchli beshlikdan o‘rin egallashi aniq edi.
9-o‘rin. Krishtianu Ronaldu
Joriy mavsumda portugaliyalik futbolchi "bombardir" ekanligini barchaga isbotlashda davom etmoqda. Uning hisobida 10 ta gol mavjud. 2021 yilda u "Yuventus" bilan Italiya kubogi va superkubogida zafar quchdi. Bundan tashqari, A Seriyaning oltin butsasini ham o‘ziniki qilib oldi. Shunga qaramay, Krish jamoaviy g‘alabalar borasida maqtana olmaydi. U to‘p surgan "Yuventus" Italiyada o‘z hokimligini "Inter"ga berishga majbur bo‘ldi.
8-o‘rin. Erling Xoland
Norvegiyalik "bolakay" joriy mavsumda allaqachon 14 gol kiritishni uddalab bo‘ldi. Afsuski, terma jamoasi va klubi o‘zi ishtirok etayotgan musobaqalarda omadsiz yurishini davom ettirmoqda. Norvegiya JChdan, "Borussiya" EChL pley-offi yo‘llanmasidan ayrildi. Bu esa, Xolandning "Oltin to‘p" uchun imkoniyatlariga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.
7-o‘rin. Romelu Lukaku
APLdagi va o‘tgan mavsum Italiyada to‘p surgan Lukaku o‘rtasida juda katta farq bor. U "Inter" bilan A Seriyada g‘alaba qozongach, "mavsumning eng yaxshi futbolchisi" deb e’tirof etildi. Hozircha, "tumanli albion"dagi gollari soni 4 tani tashkil etmoqda.
6-o‘rin. Karim Benzema
Frantsuz o‘tgan mavsumda "Real"ni elkasida ko‘tarib yurdi, desak, adashmagan bo‘lamiz. Bundan tashqari, u terma jamoaga qaytishini sovrin bilan nishonladi. Millatlar ligasi chempionligi uning faoliyatidagi yangi sahifa sanaladi. Joriy mavsumda esa, u kuchli beshlikdagi eng yaxshi futbolchilardan biri. La Ligada 10 ta, Chempionlar ligasida 5 ta gol kiritgan forvard ayni damda dunyoning eng kuchli straykerlaridan biri sanaladi.
5-o‘rin. Kilian Mbappe
O‘tgan mavsumdan farqli o‘laroq, Kilian hozir ko‘proq jamoaviy o‘yinga urg‘u bermoqda. Uning assistlari soni 12 taga etgani so‘zimizga isbot bo‘lishi mumkin. Sovrinlar haqida so‘z borar ekan uning Millatlar ligasi, Frantsiya kubogi va superkubogida zafar quchganini alohida e’tirof etish mumkin. Shuningdek, "Barselona"ga het-trik, "Bavariya"ga dubl va Qozog‘istonga qarshi o‘yindagi poker ham uni tobora yangi darajaga chiqib borayotganidan dalolat.
4-o‘rin. N'Golo Kante
O‘tgan mavsumning eng yaxshi futbolchilaridan biri N'Golo Kante kuchli uchlikdan joy olgani yo‘q. Vaholanki, u EChL, UEFA superkubogida zafar quchdi. Boz ustiga, "Manchester Siti"ga qarshi final o‘yinida Kante sayyoramizning eng kuchli yarim himoyachisi ekanligini barchaga isbotlagandek tuyuldi, biroq Evropa chempionatidagi Frantsiyaning qoniqarsiz ishtiroki sovrin uchun kurashda N'Gologa pand bergani aniq.
3-o‘rin. Jorjino
Kuchli uchlikni amaldagi Evropa chempioni ochib beradi. Shuningdek, Jorjino "Chelsi" bilan birgalikda Evropa Chempionlar ligasida zafar quchdi. Aynan uni mavsum yakunida "Evropaning eng kuchli futbolchisi" deb e’tirof etishgani bejiz emas. Qahramonimiz terma va klubi safida markazdagi eng muhim figuralardan biri sifatida to‘p surdi va haqli ravishda "Oltin to‘p" uchun da’vogarlardan biriga aylandi.
2-o‘rin. Robert Levandovski
Juda ko‘plab nashrlari tomonidan "Oltin to‘p" uchun asosiy da’vogar sifatida ko‘rsatilgan polyak allaqachon o‘z sovriniga ega bo‘lishi kerak edi. Ammo pandemiya bunga imkon qoldirmadi. 2021 yilda Robert "Bavariya" bilan klublar o‘rtasidagi JCh va Budesliga oltin medallarini qo‘lga kiritdi. Mamlakat kubogi va superkubogida zafar quchdi. Bir qarashda, ikki yildan beri "Oltin to‘p"ga bu yigitdan ko‘ra haqliroq futbolchi yo‘qdek, ammo...
1-o‘rin. Lionel Messi
Ortda qolgan mavsumda Messi "Barselona"ni bir o‘zi oldinga torti. U ketgach, klub qanday ahvolga tushib qolganini ko‘rib turibsiz. Eng muhimi, Messi terma jamoa safidagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi. U Argentina termasi bilan "Kopa Amerika"da zafar quchib, qora an’anaga chek qo‘ydi. Aynan shu g‘alaba yakunda Messiga Levandovskini ortda qoldirishga imkon berishi mumkin.
Ya . U
Fikrlar