O‘runov “Spartak”ga qaytadi! Keyinchi?..

  • 29 may, 2022, 13:57
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
TIGGO 2 PRO

“Spartak” bilan uzoq muddatli shartnomaga ega legionerimiz Oston O‘runovga Rossiya premer-ligasidagi faoliyatini davom ettirish imkonini berib kelgan “Ufa” o‘tish pley-offida Milliy futbol ligasi vakili “Orenburg”ga imkoniyatni boy berib, quyi ligaga tushib ketdi.

Hal qiluvchi bellashuvda faol o‘ynagan hujumkor futbolchimiz jamoasini qutqarib qola olmadi. Ostonning ufaliklar bilan ijara shartnomasi 30 iyun kuni yakunlanadi. Tabiiyki, O‘runov keyingi ikki mavsumda o‘ziga boshpana bergan klubni tark etishga majbur.

“Spartak” va “Ufa” klublari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, boshqirdistonliklarda o‘zbekistonlik legionerni mavsum oxirida to‘liq o‘z safiga o‘tkazish huquqi bor edi. Buning uchun “Ufa” poytaxt klubiga bir million evro to‘lashi belgilangan.

18058979_192_216_1744_1089_600x0_80_0_0_aee37e5b1a800dcff9db550c455e04f0

Biroq, “Ufa” bosh direktori Shamil Gazizov o‘zbek futbolchisining transferini amalga oshirish uchun jamoa premer-ligadagi joyini saqlab qolishi shartligi, Milliy futbol ligasiga tushib ketsa, O‘runov transferi uchun talab qilingan mablag‘ni jamlay olmasligini ta’kidlagan edi.

Oxir-oqibat, “Ufa” rahbariyati qo‘rqqan vaziyat yuz berdi va jamoa premer-ligasidagi o‘rnini alamli tarzda boy berdi.  Endi Milliy futbol ligasida qatnashadigan klub byudjeti keskin kamaytiriladi. Ular Oston O‘runovning maoshini ham, “Spartak”ga to‘lanishi kerak bo‘lgan badal pulini ham ko‘tara olmaydi.

Rossiya futbolini keng yoritib kelayotgan manba –  matchtv.ru sayti o‘z insayderlariga tayanib xabar tarqatishicha, Oston O‘runov tez orada “Spartak”ga qaytadi. Chunki, futbolchining klub bilan yana uch yil davom etadigan bitimi bor.

Avvalroq, Rossiya ommaviy axborot vositalari “Spartak” klubi rahbariyati yozda tarkibni qayta ko‘rib chiqishi va murabbiylar shtabi joriy mavsumni ijarada o‘tkazayotgan barcha legionerlardan voz kechish bo‘yicha bir qarorga kelib bo‘lgani yozilgandi.

“Match TV”ning ma’lum qilishicha, yozda “Spartak” tarkibiga o‘n nafarga yaqin futbolchi ijaradan qaytadi. Bular himoyachi Ilya Gaponov (Rossiya), yarim himoyachilar Oston O‘runov (O‘zbekiston), Gus Til va Yorrit Xendriks (Niderlandiya), Aleks Kral (Chexiya), Maksim Glushenkov (Rossiya), hujumchilar Esekel Ponse (Argentina), Pedro Rosha (Braziliya) va Jordan Larsson (Shvetsiya). Yuqoridagi ro‘yxatga tushgan legionerlarning aksariyati nufuzli jamoalarda o‘ynamoqda. Xususan, Kral “Vest Xem”da, Ponse “Kadis”da, Rosha “Atletiko Paranaense”da, Larsson AIKda, Til va Xendriks “Feyenoord”da asosiy tarkib o‘yinchilaridan hisoblanadi. Ularning birortasida faoliyatini “Spartak”da davom ettirish maqsadi yo‘q.

Chunki Rossiya futboliga UEFA tomonidan qo‘llanilayotgan sakntsiyalar legionerlar masalasini eng og‘riqli muammoga aylantirdi.

“Spartak”ning evropalik legionerlar bo‘yicha siyosati ma’lum. Biroq, Oston O‘runov ular qatoriga kirmaydi. Hamyurtimiz “Spartak”ga qaytgani bilan o‘ziga boshqa jamoa topishi kerak bo‘ladi. Agar unga xaridor chiqmasa yoki yana ijaraga oladigan klub topilmasa, eng oxirgi variant sifatida klub Ostonni Milliy futbol ligasidagi o‘rinbosarlar tarkibiga yuboradi.

Boshqa tomondan, sanktsiyalar tufayli yuzaga kelgan vaziyat O‘runovning foydasiga ishlashi, “Spartak” unga asosiy jamoadan joy bermagan taqdirda ham, premer-liganing boshqa klublari 21 yoshli o‘yinchiga imkon berishi ham ehtimoldan xoli emas. Har holda O‘runov jarohatlaridan qutilganidan keyin “Ufa”ning so‘nggi o‘yinlarida avvalgi sport formasini tiklab olganini namoyish qilib, ancha yuqori saviyada to‘p tepdi.

1633097344_photo_2021-10-01_17-08-12

Umumiy hisobda, O‘runov yakunlangan mavsumda jami 17ta o‘yinda maydonga tushdi. Endi o‘zi tiklab olganda esa, chempionat tugab qoldi.

Enda hamma umid yangi mavsumdan. Yozda futbolchimiz faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi aniq. Yangilik kutamiz...

Shomurodov jamoasi Konferentsiyalar ligasidagi g‘alaba uchun qancha pul oladi?

Birortang Shomurodovga etolmadingku!

“Spartak” O‘runovni suhbatga chorladi. Maqsad aniq!

Legionerimiz: Murabbiy men bilan gaplashmay qo‘ydi!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!