
O‘runovning qiyin kunlari ortda qoldi!
Rossiya premer-ligasining 13-turida “Ufa” futbolchilari o‘z maydonida “Axmat” jamoasini qabul qilib, 1:0 hisobida zafar quchdi va qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Chempionat to‘purari Hamid Agalarovning aniq zarbasidan so‘ng qo‘lga kiritilgan muhim g‘alaba evaziga Oston O‘runov jamoasi xavfli zonani tark etib, 13-pog‘onaga ko‘tarilib oldi.
Uchrashuvdan keyin jamoa bosh murabbiyi Aleksey Stukalov jurnalistlarga o‘yin bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, intervyu berdi.
Ta’kidlash joizki, bosh murabbiy qaroriga ko‘ra, Oston O‘runov ushbu uchrashuvda ilk bor Agalarov bilan birga hujumchi sifatida to‘p tepdi. Bungacha, legionerimiz yarim himoyada o‘ynayotgan edi.
- O‘yinni qanday baholaysiz?
- Hozir shunday vaziyatdamizki, bizni faqat g‘alabalar qutqaradi. Avvalgi ikki o‘yinni jamoa yaxshi o‘tkazdi, lekin uch ochkoni qo‘ldan chiqardik. Bu galgi bahs haqida gapirsak, birinchi bo‘lim biz rejalashtirgandek bo‘lmadi. Raqib maydonda ustunlik qilgan bo‘lsa-da, darvozamiz oldida xavfli vaziyatlar bo‘lmadi.
Tanaffusdan keyin tashabbusni o‘z tomonimizga og‘dirdik. Ikkinchi bo‘limning yarim soatida “Ufa” namunaviy o‘yin ko‘rsatdi. Gol urishdan tashqari yana bir necha xavfli vaziyatlar yaratdik. Shundan so‘ng, “Axmat” to‘rt nafar himoyachi bilan o‘ynay boshladi va bunga javoban biz 3-5-2 sxemasiga o‘tdik. Bahs oxirida natijani himoya qilishimizga to‘g‘ri keldi. Muxlislarni g‘alaba bilan tabriklayman.
- Tanaffusda shogirdlaringizga nima dedingiz? Birdan jamoa tezligi oshdi, hujumga zo‘r berdi va “Axmat” jamoasi darvozasi oldida xavfli vaziyatlar vujudga kela boshladi.
- Natija bizga bosim o‘tkazdi. Yigitlar biroz bo‘sh o‘ynayotgani bilinib turgandi. Tanaffusda ularni “uyg‘otish”ga to‘g‘ri keldi. Qo‘shimchasiga, o‘yin uslubini o‘zgartirdik. Oston O‘runov qanot hujumiga o‘tganidan keyin oldingi chiziqda tezlik sezilarli darajada oshdi. Vyacheslav Krotov ham shunday o‘ynadi. Ularning xizmati evaziga golga tortadigan vaziyatlar ko‘p yaratildi.
- Agalarov yana gol urdi. Endi uni premer-liganing etakchi hujumchilari qatoriga qo‘shsak bo‘ladimi?
- Agar u bir necha mavsum davomida muntazam gol ura olsa, uni yuqori saviyali to‘purarlar qatoriga qo‘shish mumkin bo‘ladi. Hozir esa, u yo‘lning boshida xolos.
- Morits Bauer qay ahvolda?
- Uning son-tos bo‘g‘imida muammo bor. Bu eski jarohat. Hozircha u davolanyapti. Nima bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.
- Nemanya Miletichning salomatligi haqida nima deya olasiz?
- U mashg‘ulotlarning birida shikastlangan edi va ayni paytda jarohatidan tiklanmoqda. Kelasi hafta umumiy guruh mashg‘ulotlariga qo‘shilishiga umid qilamiz.
Ta’kidlash joizki, asli Moskvaning “Spartak” jamoasi a’zosi bo‘lgan Oston O‘runov mavsum boshida “Ufa”ga ijaraga berilgan edi. Ufaliklarda mavsum oxirida o‘zbek futbolchisining transfe huquqini to‘liq sotib olish imkoni bor. Oston ancha vaqtni jarohatini davolashga sarfladi.
Endi salomatligini tiklab olgan hamyurtimiz sekin-asta salohiyatini ham namoyish eta boshlagani quvonarli hol, albatta. O‘runov shu kunga qadar “Ufa” safida beshta uchrashuvda maydonga tushdi.
Rossiya premer-ligasidagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan “Ufa” jamoasi navbatdagi uchrashuvni 6 noyabr kuni safarda Tulaning “Arsenal” klubiga qarshi o‘tkazadi.
Fikrlar