Oybek Kasimov boshchiligidagi Qo‘mitamiz vakillari MOQA Bosh Assambleyasida ishtirok etishmoqda

  • 24 oktabr, 2021, 18:23
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Olimpizm
CHERY AUTO

Bugun Gretsiyaning Krit orolida Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyalarining (MOQA) XXV Bosh Assambleyasi o‘z ishini boshladi. 2 kun davom etadigan ushbu tadbirda mamlakatimiz nomidan MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov boshchiligidagi mutasaddilar, jumladan MOQ raisi devoni rahbari Mirag‘zam Mirahmedov va MOQ raisi maslahatchisi Sherzod Asatullaev ham ishtirok etmoqda. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tecno

Assambleyaning bugungi tadbirida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax, MOQAning amaldagi rahbari Robin Mitchel va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi.

Ta’kidlash joiz, epidemiologik vaziyat sabab tashkilotga a’zo 205 mamlakatdan 155 tasi onlayn ishtirok etmoqda. Bu koronavirus pandemiyasi boshlangandan beri sport tashkilotlari rahbarlarini birlashtirgan eng katta tadbir bo‘lib turibdi. Marosimda Tomas Bax nutq so‘zlab, ortda qolgan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarini muvaffaqiyati tashkil etishda yordam bergan Yaponiya hukumatiga Olimpiya oilasi nomidan minnatdorchilik bildirib o‘tdi.

Rejaga ko‘ra, Bosh Assambleya davomida koronavirus sabab mintaqalarda Olimpiya harakatini rivojlantirish yo‘lida yuzaga chiqqan masalalarni o‘rganish, mavjud muammolarni bartaraf etish va yangi strategik rejalarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, MOQA 1979 yil jahondagi barcha Olimpiya qo‘mitalarining qiziqishlarini o‘rganish, manfaatlarini himoya qilish maqsadida tashkil etilgan. Tashkilotning so‘nggi Bosh Assambleyasiga 2019 yil Qatarning Doxa shahri mezbonlik qilgan edi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!