O‘zbek futbolchisini so‘rab, Evropa, Osiyo va Rossiyadan telefon qo‘ng‘irog‘i tinmayapti!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanovning Frantsiya vitse-chempioni “Lans”ga o‘tishga yaqin turgani muxlisu mutaxassislar tomonidan keng muhokama qilinmoqda.
Belaruslik jurnalistlar “Energetik-BGU”da Abduqodirga ustozlik qilgan Pavel Rodnenokdan o‘zbek futbolchisi haqidagi ma’lumotlarni so‘radi.

- Hamma Husanovning qanday o‘ynayotganini ko‘rib turibdi. U haqiqatan yaxshi o‘ynayapti. Abduqodirning qaysi xususiyatlari uni chempionatning eng zo‘r markaziy himoyachisiga aylantirdi?
- Husanovning salohiyati va imkoniyatlari qay darajada kattaligini anglash qiyin. Biz uning iqtidorini ellik foizga yaqinini ocha oldik. Husanov Evropa darajasidagi futbolchi. Jismoniy jihatdan zo‘r rivojlangan. Tezkorlik sifatlarining barchasini yaxshi o‘zlashtirgan. Ayniqsa, birdaniga tezlashning hadisini olgan.
Maydonda harakatlarni oldindan ko‘ra olish qobiliyatini a’lo darajada rivojlangan. Haqiqiy jangchi. Xarakteri juda mustahkam. Podkatga usta. Darvoza daxlsizligini saqlab qolish uchun hech narsadan qaytmaydi. Psixologik barqaror. Mehnatkash va maqsad sari intiluvchan yigit.
Biz u bilan individual tarzda juda katta hajmdagi ishlarni bajardik, himoyaning hamma jihatini ko‘rib chiqdik. Men u bilan ikki yil ishlagan murabbiy sifatida aniq ayta olamanki, Abduqodir Belarus chempionatining eng zo‘r himoyachisi.
- 19 yoshli bolada shuncha sifat qanday jamlangan bo‘lishi mumkin?
- Rivojlanishi yoshiga yarasha emasdek ko‘rinadi. Abduqodir 2021 yilgi mavsumda “Energetik-BGU”da faqat mashg‘ulotlarda qatnashib yurdi. 18 yoshga to‘lmagani bois, chempionatda ishtirok eta olmasdi. Ana o‘sha paytda unda o‘ynash istagi va buning uchun zarur bo‘lgan mustahkam salomatligi bor edi. Ya’ni, ustun jihatlari otasi – O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq o‘yinchisi Hikmat Hoshimovdan o‘tgan. Texnik va taktik ta’limni bizdan o‘rgandi.
- Uning iqtidorini rivojlantirishga to‘g‘ri keldimi?
- Xuddi shunday. Biz har doim o‘yinchilarning imkoniyatlarini tekshirib chiqamiz. Qaytariq bo‘lsa ham aytaman, Abduqodirning salohiyati ulkan. Boshidan uning qanday darajaga etishi aniq edi. Faqat murabbiylar shtabi u bilan qanday ishlashiga bog‘liq edi.
- Birinchi mashg‘ulotining o‘zida murabbiylarni hayratga solgani rostmi?
- Ha, o‘shandayoq hammasi ko‘rinib turgandi. O‘sha mashg‘ulotda men himoyachilar bilan ishlagandim. O‘shanda u meni savollarga ko‘mib tashladi. Savollari chuqur va o‘tkir edi. O‘shanda Abduqodir himoyachining harakatlariga doir barcha detallarni bilib olishga urinayotganini tushunib etgandim.
- Mashg‘ulot yuklamalarini qanday ko‘targan?
- Hammasi zo‘r o‘tgan. U bilan ishlash rohat.
- Husanov funktsional vazifalarini uddalashdan tashqari, antiqa jarima zarbasiga ham ega...
- Haqiqatan shunday. Nostandart va juda zo‘r zarbasi bor. Aytish kerakki, u o‘smirlik chog‘ida o‘z yurtida tayanch yarim himoyachisi bo‘lgan. Uni markaziy himoyachi sifatida biz kashf qildik. Natijasini ko‘rib turibsiz.
- U bahorda Osiyo kubogida va keyin Argentinadagi jahon chempionatida qatnashdi. Bu musobaqalardan qay darajada qaytdi?
- Charchagan edi. Birinchidan, u erda juda katta psixologik bosim bo‘lgan. Shuning uchun ham ikki hafta faqat o‘yinchini tiklashga harakat qildik.
- U hozirgi va avvalgi himoyachilaridan kimni eslatadi?
- Hech kimni eslatmaydi. Uning o‘ziga xos o‘yin uslubi bor. Shuning uchun ham uni kimgadir qiyoslay olmayman. Boshqalarda qaysidir bir sifat alohida ajralib tursa, Abduqodirda hamma xususiyatlar porlab turadi. Bu - Abduqodir Husanov va u hech kimga o‘xshamaydi.
- “Lans” varianti qaerdan paydo bo‘ldi?
- Men buni bilmayman. Yaqinda o‘tgan jahon chempionatida ko‘zga tashlangan bo‘lishi mumkin. O‘sha musobaqadagi o‘yini turtki bo‘lgandir. Aniq aytishim mumkin bo‘lgan ma’lumot shuki, yil bo‘yicha uni so‘rab qo‘ng‘iroq qilishdi. Qo‘ng‘iroqlar, Evropadan, Osiyodan, Rossiyadan edi. Ular bu himoyachiga xarakteristika bering, deb so‘rashardi.
- Husanov Shahboz Umarov kabi quvnoqmi, yoki Jasur Yaxshiboev va Bobur Abduxoliqov kabi kamtarinmi?
- U Boburdek kamtar. Juda tarbiyali. Ota-onasiga rahmat.
- Ramazon oyida Husanov ro‘za tutdimi?
- Ha. U barcha arkonlarni bajaradi. Albatta, unga juda qiyin bo‘ldi, men buni ko‘rdim. Lekin kuchli xarakteri va maqsad sari intiluvchanligi tufayli buni ham uddaladi.

- Til masalasi qanday? Har holda O‘zbekistondagi yosh avlodda til masalasida to‘siq bor...
- Boshida shunday bo‘ldi. Hozir hammasi joyida. U rus tilida yaxshi gapira oladi va hamma gapni tushunadi.
- Abduqodirning “Lans”ga o‘tayotgani “Energetik-BGU” murabbiylar shtabining yaxshi ishlashiga yana bir isbot, desak bo‘ladimi?
- Biz Husanovga salohiyatini ochishga yordam berdik. Agar Abduqodir “Energetik-BGU” o‘yinchisi bo‘lmaganida, balki hozirgi darajasida porlay olmasdi. Murabbiylar shtabi esa, nima qilishi kerak bo‘lsa, shuni bajardi. Avval-boshdan Husanov ekstra-klassdagi o‘yinchiligi ma’lum edi. U olmos edi. Faqat unga ishlov berilmagandi. Bizdan talab qilingani u bilan ishlash edi va biz xuddi shunday qildik.
Superklub Shomurodov masalasida bezovta bo‘lyapti
Fikrlar