"O‘zbek futbolida 35 yoshdan keyin futbolchilarni chetga chiqarib qo‘yishadi" yoxud qarilikni tan olmasdan gol urayotgan hujumchi haqida

  • 22.04.2022 16:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

Chempionatimizda yaxshi saviyadagi hujumchilar oldin ko‘p bo‘lgan. Ularni aksariyatini muxlislar hozirgacha eslab yuradilar. Bizning bugungi maqolamiz qahramoni ishqibozlar mehrini qozongan Mo‘ydin Mamazulumov.

Balki ko‘pchilik uni unutib yuborgan bo‘lishi ham mumkin. Ammo u 38 yoshda bo‘lishiga qaramasdan hali hamon katta futbolda o‘ynab yuribdi. Hozirda birinchi liga musobaqasida “Do‘stlik Oltiariq” jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. E’tiborlisi, Mamazulumov hamon gol urishni unutgani yo‘q.

Sports.uz muxbiri bilan muloqot jarayonida Mo‘ydin dilidagi gaplarni aytdi.

“Yoshlarga o‘rnak bo‘lishga harakat qilyapman”

- Avvalo, yaxshi kunlarda eslaganingiz uchun rahmat. Ha, Superligada ko‘rinmay qoldim. Oxirgi marta 2017 yili “Neftchi”da o‘ynadim. O‘sha paytda bu klub pro ligaga tushib ketib, o‘rniga “Tsementchi” chiqqandi. Abdumalik Hakimov bosh murabbiy bo‘ldi. Keyin hujumchilardan men bilan Sherzod Hakimovga javob berib yubordi. Holbuki, ikkinchi davrada “Neftchi”da 9 ta gol urib bo‘lgandim. Tayyor hujumchilari bo‘lishiga qaramay, o‘sha paytda murabbiy boshqa hujumchilarim bor dedi va biz ketdik. Olgan hujumchilari esa ko‘p gol urishmadi. Shundan keyin pro ligaga ketdim. “Istiqlol”da o‘ynadim. “Turon”da ham faoliyat olib bordim. Bu klubni birinchi ligaga, so‘ngra pro ligaga olib chiqdik. “Turon” tarkibida 27 ta gol urdim. Keyinchalik u erdan ham ketdim. Mana, hozirda “Do‘stlik Oltiariq” jamoasidaman. Ikkinchi ligadan birinchi ligaga olib chiqdik. O‘zbekiston Kubogida “Mash’al” va “Qo‘qon-1912” klublariga qarshi uchrashuvlarda raqib darvozalariga gol urdim. Yoshlarga o‘rnak bo‘lish uchun harakat qilyapman.

mo‘ydin4

“Superliga va pro ligada ham 70-80 foizga o‘ynayveraman”

- O‘zbek futbolida 35 yoshdan keyin futbolchi o‘ynamaydi, yugurmaydi deb fikrlaydiganlar ko‘p va chetga chiqarib qo‘yadilar. Mana, Superligani ham, pro ligani ham hujumchilarini ko‘ryapmiz. Yoshlarga e’tibor qaratyapmiz deyishyapti. Faqat gol uradigan yoshlar bo‘lsa boshqa gap. Murabbiylar 35 yoshdan keyin futbolchilarni chetga chiqarib qo‘yishyapti. Hayronman, yoshni nima ahamiyati bor? O‘ynaydigan futbolchi baribir o‘ynayveradi. To‘g‘ri, oldingidek 100 foiz kuch bilan o‘ynay olmasligim mumkin. Ko‘pchilik qariligini tan olmayapti, deb o‘ylashlari ham tabiiy hol. Lekin hozir ham Superligada va pro ligada 70-80 daqiqa o‘ynayveraman.  

mo‘ydin2 

“Kamida 10 ta gol urmasak ko‘nglimiz to‘lmasdi”

- Biz o‘ynagan paytlarni esga oladigan bo‘lsam, masalan Olmaliqda 4 nafar hujumchi bo‘lardi. Men, Arturas Fomenko, Baxtiyor Hamidullaev va Aleksandr Vostrikov. To‘rtta hujumchi o‘rtasida raqobat bor edi. Albatta, bunda o‘sish bo‘ladi. Hozir esa yoshlar yaxshi pul olib o‘rganib qolishgan. Shartnomasiga oladigan puli yoziladi va shuni yil davomida olib, o‘z ustida ishlamay qo‘yadilar. Biz o‘ynagan davrda tinmasdan ishlardik, gol urardik, harakatdan to‘xtamasdik. Kamida 10 ta gol urmasak ko‘nglimiz to‘lmasdi. Hozirgilar shartnomalarni tuzib qo‘yib, baribir o‘sha pulimni olaman, deb xotirjam bo‘lib qolishadi.

mo‘ydin3

“Cheran ishini qilib qo‘yyapti”

- “Paxtakor”da o‘ynayotgan Dragan Cheranni kimdir u deydi, kimdir bu deydi, ammo ishini qilib qo‘yyapti. 17-18 ta gol uryapti, har yili Cheran to‘purar bo‘lib kelyapti. O‘yinini ko‘raman, havas qilaman. Kerakli joyda yuguradi, kerakli joyda ochiladi. Birga to‘p surgan Temurxo‘ja Abduholiqovni o‘yinlarini ham kuzatib turaman. “Nasaf”dagi Bobur Abduholiqovni o‘yinlarini ham tomosha qilardim, u xorijga ketdi. Hozir Xusayn Norchaev yaxshi chiqyapti, harakati zo‘r. Norchaev kabi hujumchilar yo‘q. Ko‘zga tashlanganiga ikki yilcha bo‘ldi.

mo‘ydin1

“Faoliyatimni tugatish haqida o‘ylayotganim yo‘q”

- “Do‘stlik Oltariq”da to‘p surayotganimga bir yil bo‘ldi. Bu yil birinchi ligada ishtirok etishni boshladik. Biz bu yil rasmiy o‘yinimizni Kubok doirasida “Mash’al”ga qarshi uchrashuv bilan boshladik. Bu klub pro ligada 2-o‘rinda ketyapti. Keyingi turda Superliga vakili “Qo‘qon-1912” bilan o‘ynadik. Ikkala o‘yinda ham gol urdim. Aytmoqchimanki, bemalol o‘ynasa bo‘ladi. Hammasi harakatga, murabbiyga, mehnatga va xohishga bog‘liq. “Do‘stlik Oltiariq” oldiga qo‘ygan maqsadiga bosqichma-bosqich erishib boradi. Vazifa kuchli uchtalikka kirish. Garchi 38 yoshda bo‘lsam-da, hali faoliyatimni tugatish haqida o‘ylayotganim yo‘q. Agar “Do‘stlik Oltiariq”da bo‘lsam, yana to‘rt yil o‘ynashim mumkin. Pro liga yoki boshqa klubda esa ikki yil o‘ynay olishim mumkin. Hozirgi futbolchilar bilan bemalol o‘ynasa bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!