O‘zbek hujumchisidan ehtiyot bo‘ling!
Qozog‘iston UEFA vakili sifatida o‘z jamoalarini “ko‘hna qit’a”ning xalqaro miqyosdagi turnirlariga yuboradi.
Joriy mavsum Qozog‘iston Premer-ligasida ikki nafar futbolchimiz “Ordabasi” jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Uchinchi vakilimiz – “Tobol” hujumchisi Igor Sergeev yangi taklifni qabul qilib, Tailand chempionatiga ko‘chib o‘tdi va faoliyatini Osiyo mintaqasida davom ettirishni ma’qul topdi.
“Ordabasi” xalqaro miqyosda Konferenuiyalar ligasida ishtirok etadi. Qur’a natijasiga ko‘ra, chimkentliklar musobaqaning ikkinchi bosqichida Polshaning “Legiya” klubi bilan kuch sinashadigan bo‘ldi.
Ayni paytda har ikki mamlakatning futbolni yorituvchi nufuzli manbalari raqib jamoa imkoniyatlarini o‘rganishga e’tibor qaratmoqda.
Xususan, Polshaning Igol.pl sayti jurnalisti Tomek Xatta “Legiya” vakillarini “Ordabasi” safidagi eng xavfli futbolchi haqida ogohlantirdi.
- “Ordabasi” jamoasida juda sermahsul bir hujumchi bor. “Legiya” unga alohida e’tibor qaratishi lozim. Yaqinda Bobur Abduxoliqovga Polshaning bir necha klublari qiziqish bildirgandi, - deb yozdi Tomek Xatta.
Ma’lumki, Qashqadaryo futboli tarbiyalanuvchisi hisoblangan Bobur Abduxoliqov o‘tgan mavsumni Belarus chempionatida o‘tkazganida sermahsul o‘yini bilan Evropaning bir necha klublari e’tiborini o‘ziga tortdi.
25 yoshli hujumchimiz o‘tgan mavsum Belarus oliy ligasida 26 ta gol urib, to‘purarlar poygasida g‘olib chiqdi. Shu bilan bir qatorda ushbu mamlakat chempionatlari tarixida bir mavsumda eng ko‘p to‘p kiritgan xorijlik futbolchi sifatida rekord o‘rnatdi.
Bobur Abduxoliqov Belarus oliy ligasining 2022 yilgi mavsumida chempionatning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.
To‘purar legionerimizga Evropaning turli klublaridan takliflar bo‘ldi. Ular orasida Polsha vakillari ham bor edi. Biroq, Bobur kutilmaganda “Ordabasi” variantini tanladi va O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod yana bir o‘yinchi – Shahboz Umarov bilan birga yil boshidan beri chimkentliklar sharafini himoya qilib kelmoqda.
Transferlarga ixtisoslashgan Transfermarkt.de portali Konferentsiyalar ligasida o‘zaro to‘zqnash keladigan “Ordabasi” va “Legiya” jamoalari futbolchilarining transfer summalari haqida qiziqarli ma’lumot tarqatdi.
Unda keltirilishicha, Qozog‘iston klubi tarkibining umumiy qiymati 10,3 million evroni tashkil qilmoqda. Jamoaning eng qimmatbaho futbolchilari sifatida Bobur Abduxoliqov va braziliyalik himoyachi Auro nomi ko‘rsatilgan. Bu o‘yinchilarning har ikkisi bir million evro turadi.
“Legiya” futbolchilarining transfer summasi 30,5 million evroga teng. Eng qimmatbaho o‘yinchisi darvozabon Kasper Tobiash 5,5 million evroga baholangan. Maydondagi o‘yinchilardan eng qimmati – yarim himoyachi Bartosh Slishning narxi 4,5 million evroni tashkil qilmoqda.
“Legiya” jamoasi o‘zbekistonlik futbol ishqibozlariga yaxshi tanish. Bu klub 2021 yili o‘z safiga Jasur Yaxshiboevni qo‘shib olgan edi. Biroq, murabbiylar shtabi legionerimizga etarli darajada imkoniyat bermadi. Shu bois, Jasur Moldovaning “Sherif” jamoasiga ijaraga yuborildi va Evropa Chempionlar ligasida Madridda “Real” darvozasiga gol urib, o‘z nomini tarixga muhrlab qo‘ydi.
“Ordabasi” va “Legiya” uy-safar tizimida o‘zaro ikkita o‘yin o‘tkazadi. Dastlabki bellashuvlar 27 iyul, javob bahslari 3 avgustga qo‘yilgan.
Shomurodov “qora ro‘yxat”ga tushdi
Shomurodov boshqacha o‘ynaydi!
Premer-liga: Legionerlarimiz narxlari e’lon qilindi!
Legionerimiz ispaniyalik ustoziga qattiq ishonyapti!
Legionerimiz ketish sababi va qozoq futboli kamchiligini aytib ketdi!
Bu terma jamoada Shomurodov yo‘q!
Bahaybat futbolchi tezlikda Shomurodovga etib oldi
Fikrlar