
Premer-liga: Legionerlarimiz narxlari e’lon qilindi!
Transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portali Rossiya Premer-ligasidagi futbolchilar reytingini yangiladi.
Hozirgi paytda Rossiya futboli katta muammolarga duch kelgan. Siyosiy vaziyat tufayli bu mamlakat terma jamoalari, klublari FIFA va UEFA tasnifidagi musobaqalardan chetlatilgan. Kuchli legionerlar Rossiyani tark etdi, boshqalari bu erga kelishni istamayapti.
Bu jarayon rus futboliga salbiy ta’sir qilmoqda. Rossiya terma jamoalari va klublar xalqaro hamjamiyatdan uzilib qoldi. Rasman faqat ichki musobaqalar o‘tkazilyapti. Terma jamoalar faqat ayrim mamlakatlar vakillari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlarida qatnashyapti xolos.
Joriy mavsumda Rossiya Premer-ligasidagi 16 jamoa tarkibida jami 415 nafar futbolchi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shulardan 32 foizi, ya’ni 133 nafari xorij mamlakatlaridan kelgan legioner futbolchilar.
Legionerlar jami 45 ta mamlakatdan kelgan. Eng qizig‘i, Rossiya jamoalarida G‘arbiy Evropa mamlakatlaridan o‘yinchi juda kam.
Premer-ligaga eng ko‘p futbolchi jo‘natgan mamlakat Braziliya hisoblanadi. Yakunlangan mavsumda 19 nafar braziliyalik futbolchi to‘p tepdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rindagi Serbiyadan 13 ta vakil bor. Qolgan davlatlardan kelgan charm to‘p ustalarining soni o‘ntaga etmaydi.
Rossiya yuqori divizionida O‘zbekistondan ikki vakil – Ibohimxalil Yo‘ldoshev va Hojimat Erkinov o‘ynadi.
Transfermarkt portali ekspertlari hisob-kitobiga ko‘ra, yakunlangan mavsumda narxi eng ko‘p ko‘tarilgan futbolchi Villian Rosha bo‘ldi. TsSKAning braziliyalik markaziy himoyachisi transferi 3,5 million evroga oshdi va umumiy hisobda etti million evroni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, “Zenit”dagi yana bir braziliyalik – Malkomning narxi ham uch million evroga ko‘tarilib, jami 30 million evroga etdi. 26 yoshli hujumkor o‘yinchi Rossiya Premer-ligasining eng qimmatbaho ishtirokchisiga aylandi.
Premer-ligada narxi eng ko‘p ko‘tarilgan futbolchilar reytingi quyidagicha ko‘rinish oldi.
Endi O‘zbekiston legionerlari haqida. Ibrohimxalil Yo‘ldoshev “Nijniy Novgorod” jamoasining yuqori diviziondagi o‘rnini saqlab qolishga yordam berdi. 22 yoshli futbolchimiz Premer-ligada 28 ta o‘yinda qatnashib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari, raqiblar darvozasiga bir juft to‘p ham kiritdi.
Yo‘ldoshevning transfer narxi 900 ming evroni tashkil qilmoqda. Transfermarkt mutaxassislari unga bu narxni bir yil muqaddam bergandi. Yangilangan reytingda Yo‘ldoshev yana o‘z darajasini saqlab qoldi.
Hojimat Erkinov Premer-ligada ilk mavsumini o‘tkazdi. “Torpedo” jamoasi yuqori diviziondagi debyut mavsumida ishonchli o‘ynay olmadi va yana birinchi ligada to‘p tepadigan bo‘ldi.
Erkinov yigirmata uchrashuvda qatnashib, bitta golli pas uzatdi. Hojimatning transfer summasi bir yil muqaddam “Paxtakor” safida o‘ynab yurganida 500 ming evroga ko‘tarilgan edi. Birinchi marotaba legioner maqomida to‘p tepgan 22 yoshli iste’dodli hujumkor futbolchimiz Rossiya futbolida ham yo‘qolib qolgani yo‘q va transfermarkt mutaxassislar bir yil muqaddam belgilagan transfer summasini saqlab qoldi.
Endi kelasi mavsum Rossiya Premer-ligasidagi vakillarimiz soni yanada oshadi. Birinchi ligada “Rubin” jamoasi sharafini himoya qilgan Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonaliev yuqori divizionga ko‘tarildi. Qozonliklar mavsumni birinchi o‘rinda yakunlab, kelasi mavsum Premer-ligada qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan.
Fikrlar