O‘zbek mutaxassislari "Beshiktosh" klubida!
Ma’lumki, yurtimizda murabbiylarning malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda bir guruh mutaxassislarimizga «Pro» litsenziyasi uchun o‘quv-seminarlari o‘tkazilmoqda va bu bir nechta modullarni o‘z ichiga oladi. Navbatdagi modulda esa murabbiylar xorijda malaka oshirishi belgilab qo‘yilgandi.
Shu bois «Nasaf» bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiev, «Paxtakor» klubining sport direktori Ja’far Irismetov hamda ushbu klubning murabbiylar shtabida ishlab kelayotgan Jasur Abduraimov ayni paytda Turkiyaning etakchi klublaridan biri hisoblangan «Beshiktosh» klubida o‘z malakalarini oshirmoqdalar. U erda ushbu jamoaning mashg‘ulotlari, o‘yinlari, futbol tizimi va yana boshqa masalalar bo‘yicha o‘zlari uchun yangi bilimlarni o‘zlashtirmoqdalar.
Bugun esa Turkiya chempionati doirasida «Kasimpasa» hamda «Beshiktosh» klublari o‘rtasidagi o‘yin ham bo‘lib o‘tmoqda. O‘zbek mutaxassislari esa hozirda ushbu bellashuvni bevosita stadionda kuzatib bormoqdalar. Bu haqida Ja’far Irismetov o‘zining feysbukdagi sahifasiga stadionda aks etgan videoni ham joylagan.
E’tiborlisi, uchrashuvdan avval Irismetov «Beshiktosh» klubining bosh murabbiyi Abdulla Avchi bilan uchrashgan va unga o‘zbekona zarbof to‘n sovg‘a qilgan. Irismetovning ma’lum qilishicha, vakillarimiz Turkiyada 14 dekabrga qadar malaka oshiradilar.
Fikrlar