
O‘zbekiston OChL uchun "2+2" kvotasini qaytarib olishi mumkinmi?
Xabaringiz bor, O‘zbekiston vitse-chempioni hisoblangan AGMK kecha Qatarda “Al-Garafa” klubiga qarshi bahs olib bordi. Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqich yo‘llanmasi tikilgan ushbu bahs kutilganidek, shiddatli va murosasiz kurashlarga boy bo‘ldi.
120 daqiqa davom etgan o‘yinning so‘nggi daqiqasida Yovan Jokich tomonidan kiritilgan gol Olmaliq klubiga qit’aning klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqasida ishtirok etish huquqini olib berdi. Aytish lozimki, AGMK ushbu g‘alabasi bilan nafaqat Osiyo Chempionlar ligasidagi jamoalarimiz sonini yana bittaga oshirdi, shu bilan birga “Nasaf”ni OFK kubogida qatnashishini ham ta’minladi.
Endi Osiyo Chempionlar ligasida “Paxtakor” va AGMK, OFK kubogida esa “Nasaf” ishtirok etadi. Qit’a miqyosidagi turnirlarda ishtirok etadigan ushbu jamoalarimiz OFKning klublar reytingida ham mamlakatimiz hisobiga muhim reyting ochkolarini qo‘shib qo‘yadi.
Masalan, OFK kubogi guruh bosqichida qozonilgan har bir g‘alaba uchun 1 ochkodan beriladi. Agar “Nasaf” guruhdagi barcha o‘yinlarni g‘alaba bilan yakunlasa va pley-offga yo‘l olsa, guruhdagi 3 ta g‘alaba uchun 3 ochko va pley-offga chiqqani uchun yana qo‘shimcha 1 ochko, jami 4 ochko O‘zbekiston hisobiga qo‘shib qo‘yishi mumkin.
Osiyo Chempionlar ligasida esa har bir g‘alaba uchun 3 ochko beriladi. Shu sababli, “Paxtakor” va AGMKda mamlakatimiz hisobiga ko‘proq reyting ochkolari qo‘shtirib qo‘yish imkoniyati mavjud.
Ayni damda OFK klublar reytingida O‘zbekistonning asosiy raqobatchisi bu Birlashgan Arab Amirliklari hisoblanadi. Shunday ekan, agar “Paxtakor” va AGMK o‘z guruhlarida BAAning ikki klubi – “Sharja” va “Shabab Al-Ahli”dan yuqori o‘rinni egallasa, 2023 yildan boshlab, OFK yana O‘zbekistonga Osiyo Chempionlar ligasi uchun “2+2” kvotasini qaytaradi.
“Paxtakor” oldida yana bir vazifa turibdi. Boisi, OFK reytingida O‘zbekistondan bir pog‘ona yuqorida Iroq bormoqda. Aynan “sherlar” joy olgan guruhda Iroqning “Al-Quvva Al-Javiyya” klubi ham kurash olib boradi. Endi O‘zbekiston chempioni guruhda ham BAA, ham Iroq jamoalaridan yuqori o‘rinni band qilishi kerak.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Osiyo Chempionlar ligasi va OFK kubogida ishtirok etadigan jamoalarimizga muvaffaqiyat tilaymiz. Ishonamizki, ular o‘zlari qatnashadigan turnirlarda yuqori natijalar qayd etishadi va mamlakatimizga qit’a miqyosidagi musobaqalar uchun yo‘llanmalar sonini oshirishga harakat qilishadi.
Fikrlar