O'zbekistonlik ikki futbolchi Portugaliya klubiga yo'l olmoqda
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi futbolchilari Sadriddin Xasanov va Sayfiddin Sodiqov Portugaliyaning "Braga" klubiga o‘tishi mumkin. Xabarlarga ko‘ra, portugalialiklar 17 yoshli o‘yinchilarni "Bunyodkor" hamda Odil Ahmadov futbol akademiyasidan 1 yillik ijara asosida jalb qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, ularning "Andijon"dagi ijarasi muddatidan avval bekor qilinishi mumkin.
Futbolchilar yangi jamoasiga 2026 yil yozida, 18 yoshga to‘lgancha qo‘shiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, "Braga" skautlari ularni Qatarda bo‘lib o‘tgan U-17 Jahon chempionatida kuzatgan va shundan so‘ng ko‘rikka chaqirgan. 2025 yil dekabrida Xasanov va Sodiqov "quroslozlar"ning U-23 jamoasi bilan ikki hafta mashg‘ulot o‘tkazib, mutaxassislarda ijobiy taassurot qoldirgan. Bu esa rasmiy taklifga olib kelgan.
Shartnomada sotib olish huquqi ham mavjud: Xasanov uchun 250 ming yevro (taxminan 3,41 mlrd so‘m), Sodiqov uchun esa 300 ming yevro (4,1 mlrd so‘m). Agar ushbu band ishga tushirilsa, har ikki futbolchi "Braga" bilan 5 yillik shartnoma imzolaydi. Shuningdek, "Bunyodkor" va Odil Ahmadov akademiyasi keyingi transferdan ma’lum foiz oladi, — deya xabar bermoqda jurnalist Ivan Karpov.
Mazkur ma’lumotga ProSports Management agentligining O‘zbekistondagi rahbari ham munosabat bildirdi:
"Bunday masalalarni klublarning o‘zi e’lon qilishi kerak. Sizlar futbolchilar o‘tgan yil oxirida "Braga"da stajirovka o‘taganini bilasiz. Hozircha shunigina ayta olaman. Rasmiy xabarlarni kutishimiz kerak", — dedi u.
Fikrlar