"Paxtakor"ni ojiz qoldirgan jamoalarni bilasizmi?

  • 15.05.2020 03:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 7
  • Futbol
Komp: Xabar sarlavhasi ostidagi

O‘tgan yili O‘zbekiston chempioni, Kubogi va Superkubogi sohibiga aylangan “Paxtakor” shu qadar kuchayib ketdiki, chempionatimizda deyarli raqobatdan holi jamoaga aylanib qoldi.

Yashirishning keragi yo‘q, hech bir jamoa “Paxtakor”ga bas kela olmay qoldi. Shubhasiz, “Paxtakor” O‘zbekistondagi eng qudratli klub. Jamoaning bugungi darajaga chiqishida esa katta hajmdagi ishlar qilinayotganini ham aytib o‘tish o‘rinli.

Lekin futbol shunday o‘yinki, unda kutilmagan natijalar ham uchrab turadi. Mag‘lubiyat bilan g‘alaba doimo yonma-yon yurishini unutmaslik zarur. Kuchli klubning onda-sonda yutqazib qo‘yishi ham xuddi katta mag‘lubiyatdek tuyulishi mumkin. “Paxtakor” ham bunga qadar o‘zi uchun oson bo‘lmagan yo‘lni bosib o‘tgan.

Har doim ham bu jamoa engilavermaydi. Masalan, 2014 yili chempionlikni qo‘lga kiritganida “Paxtakor”ni hech kim mag‘lub eta olmagan. O‘tgan yili esa bor yo‘g‘i bitta o‘yin boy berildi xolos.

Xo‘sh, “Paxtakor”dek klubning ham qachonlardir yirik mag‘lubiyati bo‘lganmi? Ha, bo‘lgan, faqat sanoqli. O‘zbekiston chempionatlari tarixida amaldagi chempion necha marotaba yirik hisoblarda mag‘lub bo‘lgani siz o‘quvchilarga ham qiziq tuyulsa kerak.

Shuni aytib o‘tishni istardikki, biz asosan Superliga (oldingi nomi – oliy liga)dagi natijalariga e’tibor qaratdik.   

 

1995 yil. 20-tur. MHSK – “Paxtakor” – 4:0

Ha, bir paytlar MHSK (Markaziy harbir sport klubi) grandlar orasida tilga olinardi. Shunga yarasha, jamoada muxlislarimiz yaxshi bilgan va nomdor futbolchilar ham to‘p surgan. Ammo MHSKning futboldagi umri uzoq davom etmadi. Shunga qaramasdan, mazkur jamoa faoliyati davomida ishqibozlariga unutilmas o‘yinlar va g‘alabalarni tuhfa qila olgan. Mana shunday bahslardan biri 1995 yilgi mavsumda “Paxtakor”ga qarshi kechgan. Qizig‘i, o‘shanda “sherlar” chempionatlarimiz tarixidagi dastlabki yirik mag‘lubiyatini qabul qilib olgandi. O‘sha mavsumda “Paxtakor”ning chempionatdagi ishlari u qadar yurishmay, beshta mag‘lubiyatni qayd etib, yakunda 4-o‘rin bilan kifoyalangandi. MHSK esa o‘sha yili chempion “Neftchi”dan so‘ng kumush medalga ega chiqqan.

 

2000 yil. 3-tur. “Surxon” – “Paxtakor” – 3:0

2000 yilgi mavsum “Paxtakor” uchun mutlaqo havas qilib bo‘lmas darajada boshlangan va bu hol chempionat oxiriga qadar davom etgan. Oqibatda o‘sha yili “Paxtakor” 7-o‘rin bilan cheklangan. Ushbu mavsumning dastlabki beshta o‘yinida g‘alaba nimaligini bilmagan. Ularning orasida esa 3-turda Termizda “Surxon” ham nomdor raqibini yirik hisobda taslim qilgani bilan tarixdan joy olgan. Lekin o‘sha muvaffaqiyat endi hali beri takrorlanishiga ishonish ham qiyin.

 

2000 yil. 12-tur. “Paxtakor” – “Do‘stlik” – 1:4

“Paxtakor”ning navbatdagi yirik mag‘lubiyati ham yana o‘sha mavsumga to‘g‘ri keldi. Tan olish kerakki, o‘sha yili “Do‘stlik” tarkibi chindan ham kuchli bo‘lgan va ularga bas kelish qiyin edi. “Paxtakor” maydonida o‘tkazilgan bahsda hozir ushbu klubda sport direktori sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan sobiq to‘purar Ja’far Irismetov boshchiligidagi “Do‘stlik” to‘rtta gol urgan. Yodingizda bo‘lsa, o‘sha yili Irismetov raqiblar darvozasiga jami 45 ta gol urib, bu borada o‘ziga xos rekord o‘rnatgan holda chempionat to‘purari bo‘lgan. Hozirgacha uning bu ko‘rsatkichini hech kim takrorlay olgani yo‘q. Darvoqe, o‘sha mavsumda “Do‘stlik” chempionlikni qo‘lga kiritgan. Biroq keyinchalik bu jamoaning ham MHSK singari futboldagi hayoti uzoq davom etmadi. “Paxtakor” 2000 yilgi omadsiz mavsumda 12 ta mag‘lubiyatni qabul qilib olgan.

 

2001 yil. 22-tur. “Neftchi” – “Paxtakor” – 4:1

O‘z vaqtida chempionatimizda “O‘zbek klassikosi” nomi ostida kechadigan “Neftchi” hamda “Paxtakor” qarama-qarshiligi nafaqat turning, balki yilning markaziy uchrashuvi deya e’tirof etilardi. O‘yinlar va undagi shiddat ham shunga yarasha edi. Lekin, afsuski, endi “O‘zbek klassikosi”lari tarixga aylangan. Yuriy Sarkisyan boshchiligidagi “Neftchi” oxirgi bor aynan 2001 yilgi mavsumda chempionlikni qo‘lga kiritgandi. “Paxtakor” esa o‘shanda kumush medalni o‘ziniki qilib olgan. O‘zaro bahsda esa Farg‘onada “Neftchi” raqibini yirik hisobda mag‘lub etganini farg‘onalik yoshi ulug‘ muxlislar hali ham yaxshi eslashsa kerak. Qizig‘i, o‘sha yilning birinchi davrasida ham “Paxtakor” o‘z uyida “Neftchi”ga 1:2 hisobida yutqazib qo‘ygan.

 

2002 yil. 13-tur. “Nasaf” – “Paxtakor” – 4:0

Navbatdagi mavsumda esa “Paxtakor” bilan “Neftchi” jamoalari o‘zaro o‘rin almashdilar. Bu safar chempionlik poytaxtga ketdi, kumush medal esa Farg‘onaga. Qizig‘i shundaki, “Paxtakor” chempion bo‘lgan o‘sha yili mavsum davomida to‘rt marta mag‘lubiyatga uchragan va shularning uchtasini yirik hisoblarda yutqazganiga nima deysiz?! Dastlabki mag‘lubiyat esa Qarshida qabul qilib olingan. O‘shanda qo‘qonlik taniqli mutaxassis Bahrom Hakimov boshchiligidagi “Nasaf” o‘z uyida “Paxtakor”ni qanday mag‘lub etish yo‘lini topgandi. Maqolamiz davomida esa yana “Nasaf” – “Paxtakor” o‘yiniga qaytamiz.

 

2002 yil. 27-tur. “Neftchi” – “Paxtakor” – 4:0

Bir yil oldin Farg‘onada 4:1 hisobidagi mag‘lubiyatini qabul qilib olgan “Paxtakor” 2002 yilgi mavsumda ham yana “Neftchi”ning maydonida “nokaut”ga uchragan holda quruq qo‘l bilan qaytgandi. “Paxtakor”dek raqibni ketma-ket yirik hisoblarda mag‘lub etish har kimga ham nasib qilmasdi. Lekin o‘sha paytlarda Sarkisyan boshchiligidagi “Neftchi”dan har narsani kutsa bo‘lardi.

 

2002 yil. 30-tur. “Paxtakor” – “Traktor” – 1:4

Nihoyat, o‘sha yilgi “Paxtakor”ning uchinchi yirik mag‘lubiyati o‘z uyida “Traktor”ga qarshi o‘tkazilgan o‘yinda yuz bergan. Bugungi kunda o‘tmishga aylangan “Traktor” o‘z vaqtida raqiblariga bosh og‘riq bo‘lishi bilan ham nom qozongandi. “Paxtakor” esa chempion bo‘lgan o‘sha mavsumining oxirgi turlarida biroz bo‘shashganini ko‘rish mumkin. Ammo bu ham ularning chempionligiga xavf solmagan. Eslatib o‘tish kerakki, o‘sha paytlarda “Traktor”ni hozirda milliy terma jamoamizga ustozlik qilayotgan Vadim Abramov boshqarardi.

 

2011 yil. 24-tur. “Neftchi” – “Paxtakor” – 4:1

“O‘zbek klassikosi”dagi navbatdagi to‘qnashuv ham muxlislarning yodida qolgan bo‘lsa ajab emas. Yana Farg‘onada, yana Sarkisyan boshchiligidagi “Neftchi”ga qarshi uchrashuvda “Paxtakor” o‘z darvozasidan to‘rtta gol o‘tkazib, yana yirik mag‘lubiyatini qabul qilib olgan. Lekin o‘sha mavsumda “Neftchi”ga ham, “Paxtakor”ga ham chempionlik nasib qilmagan. O‘sha paytlarda “Bunyodkor” klubining zafarli yurishlari boshlangan bo‘lib, oltin medal aynan mazkur klubga nasib qilgandi.

 

2016 yil. 7-tur. “Bunyodkor” – “Paxtakor” – 3:0

“Sherlar”ning yirik mag‘lubiyati oradan besh yil o‘tib yana kuzatilgan. Bu safar Toshkent derbisida “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvda yuz bergan. 7-tur doirasida o‘tkazilgan bellashuvda “Qaldirg‘ochlar” javobsiz uchta gol urishgan va bu borada “Paxtakor” tomonidan birorta ham javob yo‘llanmagan.

 

2017 yil. 4-tur. “Mash’al” – “Paxtakor” - 3:0

2017 yilgi chempionat “Paxtakor” uchun qoniqarsiz natijalar bilan boshlangandi. Oqibatda dastlabki turlar “Sherlar”ning kutilmagan mag‘lubiyatlariga sabab bo‘lgan. Masalan, 4-turda Muborakda “Mash’al”ga qarshi kechgan o‘yinda “Paxtakor”ning 3:0 hisobida taslim etilganiga ishonish qiyin bo‘lgan. Ammo bu fakt. Chindan ham o‘sha mavsumda “Mash’al” o‘z tarixidagi eng yorqin va unutilmas o‘yinlaridan birini o‘tkazgandi. Ammo o‘sha mavsumda muborakliklar kuchlilar orasidan tushirib yuborilgan.

 

2017 yil. 6-tur. “Sho‘rtan” – “Paxtakor” – 3:0

Ikkita tur o‘tgach, “Paxtakor” yana yirik mag‘lubiyatga uchradi. Bu safar G‘uzorda “Sho‘rtan”ning oldida ojiz qolgan holda yana javobsiz uchta gol o‘tkazib yuborgan. E’tiborlisi, “Paxtakor” dastlabki turlarda chempionatimizda sovrinli o‘rinlar uchun kurashdan biroz chetda bo‘lgan raqiblariga yirik hisoblarda yutqazgani o‘ziga yarasha sensatsiya sifatida baholangan. Buning natijasida o‘sha mavsum boshlarida “Paxtakor”da murabbiylar almashinuvlari ham yuz bergan. Jasur Abduraimov, Ravshan Haydarov kabi mutaxassislar klubdagi vaziyatni o‘zgartirishga harakat qilishgan. Aynan o‘sha mavsumning yarmidan boshlab “Paxtakor”ning hayotida yangi davr boshlangan. Ya’ni, hozirgi gruziyalik mutaxassis Shota Arveladze 2017 yilgi mavsumning ikkinchi yarmidan “Paxtakor”ni boshqarishga kirishgandi.

 

2017 yil. 29-tur. “Nasaf” – “Paxtakor” – 4:0

Albatta, Arveladze uchun dastlabki mavsum oson kechmadi. Yangi murabbiy o‘z uslubini singdirishi uchun ham vaqt kerak edi. Lekin haligacha ko‘pchilik uning boshchiligidagi “Paxtakor”ning Qarshida “Nasaf”dan qay tariqa mag‘lub bo‘lganini yaxshi eslashsa kerak. Yuqorida “Nasaf” – “Paxtakor” o‘rtasidagi o‘yinga to‘xtalib, yana bu jamoalarga qaytishimiz haqida aytgandik. Ko‘rib turganingizdek, qarshiliklar yana bir bor “Paxtakor”ni 4:0 hisobida tor-mor keltirgandi. Yodingizda bo‘lsa, shundan keyin Arveladze birin-ketin “Nasaf” futbolchilari – Eldor Suyunov, Akmal Shorahmedov, Farruh Sayfiev, Sherzod A’zamov, Bahrom Abdurahimov, Dragan Cheran kabi etakchilarini o‘z safiga qo‘shib olgandi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
vatan@
15/05/2020 11:55
Bu tarkib bilan hatto Samvel Babayan ham Uzbekistanda chempion
bula oladi butun termani yiğgan
dan keyin chimpion bumbulmaslikni iloji ham yuqda Chimpionnat mutasaddilari boshqa klublarni ham kuchaytirishni ilojini topishi kerak bulmasa bizda futbol
ósmaydi raqobatni kuchaytirish kerak.
Sayfiyev Eldor
18/05/2020 01:57
Paxtaga Raqobatchilar bor navbahor surxon nasaf
Sayfiyev Eldor
15/05/2020 04:08
Nasaf 4-0 yutgandan keyin nasafni qay kuyga solishganini esdan chiqarib buladimi
BEGZOD OKTAMOV
15/05/2020 11:36
Нима болганди
Sayfiyev Eldor
18/05/2020 01:45
Kerakli o'yinlarda o'yini chiqmagandi rosa asab buzilgandi shunga boshqa narsamas
Sayfiyev Eldor
18/05/2020 01:49
Nasafni parokanda qib tashashdi bolla yutganiga pishaymon yegandi ushanda
Davron Jenjayev
15/05/2020 04:04
shotada taktika bormi uzi bu tarkibni aytganimde manxam chempion qilanolaman