Pro ligadagi kutilmagan burilishni kutganmidingiz? G‘alabani unutib qo‘ygan "Turon" og‘zidagi oshni oldirib qo‘ysa-ya?!

  • 3 noyabr, 2022, 19:17
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Superligada mavsum nihoyalanayotgani kabi undan keyingi o‘rinda turuvchi – pro ligada ham shu ahvol. Ya’ni, bahorda yo‘lga otlangan karvon manziliga yaqinlashib qoldi. Hozir jo‘jani kuzda sanaymiz, degan maqolga rosa mos keladigan payt. Pro liga ishtirokchilarini yana uchtadan o‘yini qoldi. “Andijon” klubi allaqachon oldiga qo‘yilgan vazifani sharaf bilan bajarib, muddatidan ilgari nafaqat Superliga yo‘llanmasini, balki pro liga g‘olibligini ham qo‘lga kiritib bo‘lgan. Shu bois andijonliklarning endi joni tinch.

Asosiy e’tibor 2-o‘rin uchun kurashga qaratilgan. Ikkinchi yo‘llanma uchun asosiy da’vogarlar – “Buxoro” bilan “Turon” jamoasi bo‘lib  turibdi. 1 noyabr kuni ikkala jamoa 24-turda Buxoroda kuch sinashishganidan xabaringiz bor. Hammaning e’tibori shu uchrashuvga qaratilgani shubhasiz. Negaki, katta ehtimol bilan mazkur to‘qnashuv natijasi 2-o‘rin egasini aniqlashda muhim rol o‘ynashi kutilayotgandi. O‘z maydonidagi imkoniyatni qo‘ldan chiqarib yuborishni istamagan buxoroliklar jon-jahdlari bilan kurashishdi va Ro‘zim Ahmedovning yagoni goli evaziga mezbonlar o‘ta qimmatli g‘alabani qo‘lga kiritdilar. Bu esa o‘z-o‘zidan “Buxoro”ga 2-o‘rin eshigini ochib berdi. Endi vaziyat shunday: “Buxoro”da 43, “Turon”da 41 ochko bor. Natijada pro ligada “lenta” o‘zgarib ketdi. Shu paytgacha dastlabki ikki o‘rindan pastga tushmagan “Turon” endi pley-offda qolib ketish xavfi ostida. Ta’bir joiz bo‘lsa, yaypanliklar og‘zidagi oshni oldirib qo‘ymoqda.

turon3

Mavsum oldidan asosiy favoritlardan biri sifatida tilga olingan “Turon” klubi hozirgi vaziyatga kelib o‘zi istamagan holda murakkab holatga tushib qoldi. Ustunlik bir aylanib endi “Buxoro”ning qo‘liga o‘tib ketdi. 25-tur 5 noyabrda o‘tkaziladi. Unda “Mash’al” “Buxoro”ni, “Turon” “Xorazm”ni qabul qiladi. “Andijon” bu turda dam oladi. Yaypanliklar uchun “Xorazm” noqulay raqibga aylanib qoldi. Joriy mavsumda “Turon” urganchliklarga qarshi uch marta o‘ynagan bo‘lsa, hali o‘zaro uchrashuvlarda g‘alaba qozona olmadi. Bir durang va ikki mag‘lubiya qayd etildi. Ayniqsa, oxirgi ikkita to‘qnashuvda “Xorazm” “Turon”ni o‘zida ham, uyida ham mag‘lubiyatga uchratdi. Bu safar ularning to‘rtinchi o‘yiniga guvoh bo‘lamiz. Demak, tushkun kayfiyatga tushib qolgan “Turon”ni oldinda yana bir og‘ir uchrashuv kutib turibdi.

Yana bir qiziq ma’lumot shundan iboratki, “Turon” 6 ta turdan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelyapti. Ular oxirgi bor 16-tur doirasida 6 sentyabr kuni Yaypanda “Yangier” ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan. Shundan beri Superligaga da’vogarlik qilayotgan klub raqiblariga erinmasdan ochkolarni ulashib kelyapti. Baxtiyor Ashurmatov 22-tur oldidan Anvar Berdiev o‘rniga “Turon”ga bosh murabbiy etib tayinlandi. Lekin hozircha bu o‘zgarish ham hech qanday naf keltirmayapti. Sababi ayon, “Turon” uning qo‘li ostida uchta o‘yin o‘tkazdi, ikikta durang va bir mag‘lubiyatga uchradi. Oqibatda klub asta-sekin 1-o‘rin, keyin esa 2-o‘rindan ham tushib ketdi. Ayniqsa, endilikda asosiy raqobatchisiga aylangan “Buxoro”ga mag‘lub bo‘lgani va raqibini o‘zidan oldinga o‘tkazib yuborgani yakunda yaypanliklarga juda qimmatga tushishi katta ehtimol.

ashurmatovbaxtiyor

“Turon” nega bunday ahvolga tushib qoldi? Holbuki, rahbariyat tarafidan barcha sharoitlar yaratilgan, moliyaviy tomondan ham muammo borligi haqida eshitmaganmiz. Hamma gap jamoaning o‘zida. Yaqinda Baxtiyor Ashurmatov “Turon” ko‘proq pastki o‘rinlardagi jamoalarni yutgani, ammo yuqori pog‘onalarda borayotgan raqiblarga qarshi ochkolar yo‘qotganiga e’tibor qaratib, o‘z fikrini aytgandi. U to‘g‘ri gapirgan. “Turon” klubi to‘plagan ochkolarining katta qismini bungacha quyi beshlikdagi raqiblar bilan bahslarda qo‘lga kiritib bo‘ldi. Mana, endi yuqori beshlik jamoalariga qarshi o‘yinlarda jamoaning kuchi etmay qolayotgani natijalarda ham o‘z aksini topyapti. Shu sababli hozircha murabbiy o‘zgarishidan ham ijobiy tomonga burilishni ko‘rmayapmiz.

“Buxoro” klubi yozgi selektsiyada tarkibini ancha yaxshilab olgani uchun o‘yiniga ham qo‘shdi. Hakim Fuzaylov jamoasi mavsum boshidagi qiyinchiliklarni engib o‘ta oldi. Shuning uchun ular endilikda qilayotgan mehnati va natijasiga yarasha mos ravishda 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi. “Buxoro” hali bu o‘ringa yaqinlashmayotgandi. Nihoyat, chempionat yakunlanayotgan mahalda Superligiga chiqish uchun endi hammasi ularning o‘z qo‘liga o‘tdi.

Qolgan turlarda “Buxoro”ni raqiblari quyidagicha:

25-tur. “Mash’al” – “Buxoro”

25-tur. “Buxoro” – “Andijon”

27-tur dam oladi.

28-tur. “Xorazm” – “Buxoro”

Qolgan turlarda “Turon”ning raqiblari quyidagicha:

25-tur. “Turon” – “Xorazm”

26-tur dam oladi.

27-tur. “Mash’al” – “Turon”

28-tur. “Turon” – “Andijon”   

Ashurmatov jamoasi endi qolgan o‘yinlarni yutishga va "Buxoro"ning qoqilishini kutishga majbur!

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!