"Qizilqum" prezidentining klubdan ketishiga nima sabab?
“Qizilqum”dagi o‘zgarishlar yana davom etmoqda. Yaqinda klubga Tachmurod Agamurodov bosh murabbiy etib tayinlangandi. Endi bo‘lsa, yaqindagina klubga prezident etib tayinlangan sobiq hakam Hasan Ro‘ziev iste’foga chiqdi. U klubdan ketganini Sports.uz sayti muxbiri bilan muloqotda tasdiqladi.
Uning Navoiy jamoasidan ketishiga nima sabab? Axir Ro‘zievning “Qizilqum” prezidenti lavozimida ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmagandi. Aftidan, Hasan Ro‘zievning hakamlikdan keyingi faoliyati negadir omadsiz ko‘rinishga ega bo‘lmoqda. Avvaliga “Surxon”da ish boshladi va u erda ikki oycha ishlagach, “Qizilqum” prezidenti lavozimini egalladi. Oradan uch oy o‘tgach, Ro‘ziev yana ketdi!
Yodingizda bo‘lsa, ushbu mutaxassis Sports.uz saytiga bergan intervyusida “Qizilqum”ga nima maqsadda kelganini, u erdagi vazifalari haqida batafsil aytib bergandi. Qisqasi, uning rejalari katta edi.
Qolaversa, bosh murabbiy lavozimida Aleksandr Xomyakovni ko‘rmoqchiligini yashirmagandi. Shundan so‘ng jamoani ushbu mutaxassis boshqarishi kutilayotgandi. Lekin oxir-oqibat voqealar rivoji bunday tus olmadi va Agamurodov “Qizilqum” bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu esa Ro‘zievning tanlovi emasligi sezilib turgandi.
Mana, endi ko‘rib turganingizdek, uning o‘zi ham Navoiy klubidan ketgani ma’lum bo‘ldi. Hozircha Hasan Ro‘ziev aynan nima uchun klubdan ketgani yuzasidan munosabat bildirgani yo‘q. Balki vaqt o‘tib vaziyat nega bunday tus olganini aytib berar.

Fikrlar