
Quruq seriyaga barham bergan gol Shomurodov uchun tarixiy bo‘ldi
O‘zbekistonning bugungi kundagi eng zo‘r hujumchisi Eldor Shomurodovning gol urishni “unutib qo‘ygani” bir tomondan “Rostov”dan tortib, O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylarigacha, ikkinchi tarafdan o‘zbekistonlik va rostovlik futbol muxlislarining ham xavotiriga sabab bo‘ldi.
O‘tgan mavsumda ham Rossiya premer-ligasida, ham milliy terma jamoa safida xalqaro uchrashuvlarda sermahsul o‘yin namoyish etgan iste’dodli hujumchimiz koronavirus karantinidan keyin sport formasini yo‘qotgani ayon bo‘ldi va bu hol uzoq vaqt davomida unga pand berib keldi.
Ko‘pchilik muxlisu mutaxassislarni bir savol qiziqtirardi – Eldor qachon gol ura boshlaydi?
Tan olib aytish kerakki, “Rostov” bosh murabbiyi Valeriy Karpin asosiy vazifasi – raqib darvozasini ishg‘ol qila olmayotgan hujumchimizni malomat qilmay, unga ishonishda davom etgani, Shomurodov gol ura olmayotgan bo‘lsa-da, asosiy tarkibning muqim o‘yinchisi ekani va maydonning boshqa nuqtalarida samarali o‘ynayotganini bot-bot ta’kidlab, hamyurtimizni qo‘llab-quvvatlashda davom etdi.
Yaqinda Karpin jurnalistlarning yuqoridagi mazmunda bergan odatiy savoliga o‘zbek hujumchisi avvalgiday yuqori sport formasiga yaqinlashib qolgani va tez orada gol ura boshlashiga alohida urg‘u bergan edi. Murabbiyning umidi bejiz emas ekan.
Shomurodov oxirgi golini 29 fevral kuni “Axmat” jamoasi darvozasiga kiritgan edi. Shundan keyin boshlangan quruq seriya 15 ta uchrashuv va 208 kunga cho‘zildi. Nihoyat, Evropa Ligasi saralash turnirining uchinchi raundida Isroilning “Makkabi Xayfa” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan o‘yinida Eldor Shomurodov jamoadoshi Matias Normanning super uzatmasini golga aylantirib, yangi mavsumdagi gollari hisobini ochdi.
Ta’kidlash lozimki, bu gol Eldor uchun tarixiy ahamiyatga ega. Chunki “ko‘hna qit’a” miqyosidagi ilk uchrashuvini o‘tkazgan Eldor Shomurodov Evropa doirasidagi turnirdagi birinchi golini ham urishga muvaffaq bo‘ldi. Shu tariqa, Eldor Evropa maydonlaridagi musobaqalarda to‘p kiritgan Maksim Shatskix, Mirjalol Qosimov, Vladimir Maminov singari mashhur futbolchilar qatoriga qo‘shildi. Shu o‘rinda, bir vaqtlar “Rostov” tarkibida o‘ynagan o‘zbekistonlik charm to‘p ustalaridan Andrey Akopyants, Nikolay Shirshov va Sergey Lushchan 2000 yilda UEFA shafeligida o‘tkazilgan “Intertoto” xalqaro turniri doirasidagi uchrashuvlarda ishtirok etganini yodga olish zarur.
Mana oradan 20 yil o‘tib, yana bir hamyurtimiz ham qit’a miqyosidagi uchrashuvda rostovliklar sharafini himoya qilib, gol ham urdi. Endi ko‘pchilik mutaxassislar ta’kidlaganidek, o‘zbek hujumchisining psixologik bareri barbod bo‘lib, gollariga yo‘l ochilishi kutilmoqda. Garchi, “Rostov” xalqaro musobaqadagi ishtirokini erta tugatgan bo‘lsa-da, biz uchun Eldor Shomurodov faoliyatida yangi bosqich boshlangani muhim bo‘lib qolaveradi.
“Rostov” navbatdagi uchrashuvini 27 sentyabr kuni Rossiya premer-ligasining sakkizinchi turida “Arsenal”ga qarshi o‘tkazadi. Tula shahri mezbonlik qiladigan ushbu bahs Toshkent vaqti bilan 16:00da boshlanadi.
Fikrlar