
Rahbariyat jamoaga kubok va Superkubokni olib bergan futbolchidan voz kechdi
O‘z tarixida ilk bor Angliya kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritgan “Kristal Pelas” jamoa sardori va etakchisi Mark Gexini sotib yuboradigan bo‘ldi.
Klub prezidenti Stiv Perishning mahoratli futbolchini yozgi transferlar oynasi yopilgunga qadar sotib yuborish kerakligini aytdi.
“Kristal Pelas” o‘tgan yozda “Nyukasl”dan kelgan bir nechta takliflarni rad etgandi, ammo bu gal klub 25 yoshli himoyachini ushlab qololmaydi.
Chunki Gexining shartnomasi yakunlanishiga faqat bir yil qoldi va “Liverpul” ustidan Superkubokdagi g‘alabadan so‘ng Perish uning sotishga ochiq ekanini aytib o‘tdi.
- Albatta, biz bunday qilishga majburmiz. Ajablanarli holat shundaki, bunday darajadagi futbolchilarni bepul qo‘yib yuborish — biz uchun muammo. O‘tgan yoz Yoakim Anderson “Fulxem”ga ketgandi, biz u paytda ikkalasini ham yo‘qotishni istamagandik.
Yanvarda yana bir taklif keldi, lekin o‘shanda vaziyat boshqacha edi. Nima bo‘lishini ko‘ramiz. Ammo barcha tushunishi kerak — bu yoki yangi shartnoma, yo boshqa echim bilan hal bo‘lishi kerak, — dedi Perish The Guardian nashriga.
Fikrlar