
Ravshan Haydarov: «Yoshlarga ishonish kerak»
O‘zbekiston (U23) jamoasi bosh murabbiyi – Ravshan Haydarov SPORTS.uz uchun eksklyuziv intervyu berdi. «Andijon»ga qarshi mavsum oldi o‘yinidan so‘ng, murabbiy o‘z fikr va mulohazalarini bayon qildi.
- Bu yigitlardan nimani talab qilasiz?
- Birinchi navbatda, o‘z ustida ishlashni. Mana yangi mavsum boshlanmoqda. Ularning har biriga o‘z klubida asosiy tarkib a’zosi bo‘lishi kerakligini uqtiryapman.
- Bugungi bahsda yigitlar agressiv futbol namoyish etgandek tuyuldi. Hatto, qizil kartochkani ham ko‘rdik?!
- Yigitlarda o‘zini ko‘rsatishga bo‘lgan ishtiyoq juda kuchli edi. Shu bois, barcha futbolchilar maydonda bor kuchi bilan harakat qildi. Ayrimlari ehtirosga ham berilib ketdi. Ochig‘i, bu yoqimli holat. «Andijon» jamoasi ham munosib qarshilik ko‘rsatganini alohida e’tirof etish darkor.
- Bu yig‘inlardan asosiy ko‘zlangan maqsad nima?
- Birinchi navbatda, ularni 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo chempionati va xalqaro musobaqalarga tayyorlash. Agar bugungi yigitlardan kimdir terma jamoa e’tiboriga tushsa, bu bizning yutug‘imiz. Yig‘inda orttirgan tajriba, klubida asosiy tarkib a’zosi bo‘lishiga turki berishi kerak. O‘zbekiston (U23) jamoasi libosini kiygach, futbolchilarda o‘ziga bo‘lgan ishonch ortib ketadi.
- Hozir o‘zbek futbolida darvozabonlar borasida muammolar ko‘zga tashlanmoqda. Bu nima bilan bog‘liq, deb o‘ylaysiz?!
- O‘rinli savol, ammo hech qanday muammo yo‘q. Shunchaki, bizda yosh posbonlarga katta o‘yinlarda ishonch bildirilmaydi. Ularni ana shunday matchlardagina sinab ko‘rishimiz mumkin. Misol uchun, Botirali Ergashev iqtidorli darvozabon, biroq terma jamoa safida o‘rtoqlik o‘yinlaridagina ko‘rinish beradi. Ularga imkon bermasdan turib, bugungi avlod vakillari orasida yaxshi darvozabon yo‘q, deb bo‘lmaydi.
Fikrlar