“Real” – “Barsa”! Abadiy qarama-qarshilikdagi eng yorqin voqeani yodga olamiz!

  • 28 oktabr, 2023, 11:21
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

2017 yilning mayida Leo Messi kiygan futbolka auktsionda 427 ming evroga pullandi. Buning alohida sababi bor. Gap shundaki, aynan  o‘sha libosni Messi “Santyago Bernabeu”da raqib ishqibozlari qarshisida egnidan echib, baland ko‘targan edi. Stadionga yig‘ilgan ishqibozlarning hushtagi quloqni qomatga keltirganiga qaramay, argentinalik hujumchi mag‘rur ularga tikilib turgan.

Bunday holat 2012 yilning aprelida “Kamp Nou”da ham sodir bo‘lgani yodingizdami? O‘shanda Krishtianu Ronaldu kiritgan golini “calma, calma” uslubida nishonlagan va qo‘li bilan tribunadagi muxlislarni “o‘zini bosib” olishga chaqirgan edi. Bu “jest”dan so‘ng “Kamp Nou” ham oyoqqa qalqib ketgani ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilmagani aniq.

Aslida, “el-klassiko”dagi ishqibozlar raqibni hurmat qilish borasida hech qachon o‘ylab ham ko‘rmasa kerak, ammo bir voqea bundan mustasno. Sezib turganingizdek, bugun o‘sha yaqin o‘tmishdagi yorqin vaziyat atrofida bo‘lgan barchasini yodga olamiz!

“Real” prezidenti uni "tasqara", - deb atagan!

gj4igj4igji43gj

2002 yildagi JCh Ronaldinoni yulduzdan superyulduzga aylantirgan. Shu bois, PSJ safida ko‘ringanini aldab o‘tish endi “afsungar”ga hush kelmay qo‘ydi va futbol olamini zabt etishga qaror qiladi. Unda tanlash uchun yaxshigina variantlar bo‘lgani rost. “Manchester Yunayted”, “Bavariya”, “Real” va “Barselona”! Qizig‘i shundaki, “Real” Madrid prezidenti Florentino Peres “Roni”ni Bekxem bilan shartnoma imzolashning iloji bo‘lmasa, xarid qilishni rejalashtiradi. Ser Aleks Fergyuson esa “Beks” Madridga ko‘chib o‘tsa, uning yarim himoyadagi o‘rnini aynan Ronaldino bilan to‘ldirishga qaror qiladi. Qahramonimizning o‘zi esa “Barsa”ga talpinadi. Sababi, u bu jamoa safida to‘p tepgan yana bir “R” bo‘lishni istadi. Undan avval Romario, Rivaldo va Ronaldo “Kamp Nou”ni yondirib tashlagani ko‘z oldidan ketmagan edi.

Shunga qaramay, “Barsa” va “Real” tarkibni kuchaytirish uchun birinchi nishon sifatida Devid Bekxemni ko‘radi. Ikkisi ham agar “MYu” a’zosi bilan shartnoma imzolanmasa, alternativ variant sifatida PSJga bog‘lanishga qaror qiladi. Bu paytga kelib, “El Pasio” nashrida futbol ishqibozlarini hayratga solgan Florentino Peresning so‘zlari paydo bo‘ladi. Unda “Real” rahbari nega Ronaldinoni ikkinchi variant sifatida ko‘rayotgani sababi aytilgan:

“Ronaldino tasqara! Uni sotib olishdan hech qanday naf yo‘q. U bizning brendga to‘g‘ri kelmaydi. Siz Devid Bekxem va uni solishtirib ko‘ring! Birgina “Beks” bilan biz butun Osiyoni zabt etishimiz aniq”.

O‘zi haqida bunday so‘zlarni eshitgach, qahramonimiz Ispaniyadan voz kechib, “Old Trafford” tomonlarga arazlab ketib qoladi. Barchasi hal bo‘lgan bir paytda Sandro Rosselning qo‘ng‘irog‘i “Kamp Nou” uchun Ronaldinoga eshiklarni ochib beradi. “Roni” 2003/04 yilgi mavsumdayoq 15 ta gol urib, muxlislar mehrini qozondi. Ilk mavsumda “kumush”, ikkinchisi uzoq kutilgan La Liga oltin medallariga “Barsa” so‘zsiz ega chiqishida “afsungar”ning hizmatlari ulkan.

Asrga tatigulik kun!

beks

Bu paytga kelib, “Real”ning ishlari ancha ortga ketishni boshladi. Peres o‘zi istagan “galaktikos”ni qurdi, biroq uni boshqarishga layoqatli murabbiy topishni uddalay olmadi. Zidan, Figu, Ronaldo, Karlos, Bekxemlarga birdaniga mos keladigan sxemani yaratish o‘sha davrda inson bolasining qo‘lidan kelmasdi ham aslida. 2005/06 yilgi mavsum startini “Real” juda yomon boshladi. Vanderley Lushemburg qancha istamasin, pressingga suyangan futbolni qura olmadi. Murabbiyning ketish-qolish masalasi “Santyago Bernabeu”dagi o‘yinda hal bo‘lishi aniq bo‘lgach, vaziyat yanada keskinlashdi.

 “Real” Frank Raykardning kombinatsion jamoasiga qarshi hech narsa qila olmay qoldi. Maydonda “Barsa” uchib yurar, “qaymoqranglilar” faqat qo‘polliklar bilangina javob berishga tirishar edi. Shu tariqa, raqibni qo‘rqitishga harakat qilgan “Real” “uyqudagi maxluq” - Ronaldinoni uyg‘otib yuboradi. "Roni" ketma-ket ikki bor sayyoramizning eng qimmat futbolchilaridan tashkil topgan “Real” darvozasini bir o‘zi ishg‘ol etdi. Ayniqsa, ikkinchi goldan keyin “Bernabeu”dagi ishqibozlar ham o‘rnidan turib braziliyalik afsonaga qarsak chaldi. “Nima bo‘lyapti? Bunga ishonish qiyin!”, - degancha Ronaldinoning  oldiga kelgan Samuel Eto'oga “Roni” shunchaki jilmayib javob beradi.

g4g4ig4ji3g

O‘sha oqshom “Barselona” 3:0 hisobidagi ishonchli g‘alaba bilan Kataloniyaga qaytdi. Butun dunyo e’tibori qaratilgan bahsdagi “benefisi” Ronaldinoni 2 haftadan keyin “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritishiga impuls bergani rost. Aslida, kim "tasqara" ekanligini braziliyalik “afsungar” amalda ko‘rsatdi. U hech kim bilan janjal qilgani yo‘q, intervyularda nolimadi. Shunchaki, o‘z vaqtini kutdi va “el-klasiko”da hammasini amalda isbotladi!

Ya . U

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!